Yerning nafas yo‘llari ochilmoqda

Qishloq xo‘jalik ekinlari, xususan, paxta va g‘allachilikda yuqori hosildorlikka erishishda muhim omillardan biri bu meliorativ tadbirlarning samarali o‘tkazilishidir. 
Respublikamiz Prezidentining 2007 yil 29 oktyabrdagi "Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi Qarori asosida o‘tgan yillar davomida viloyatimizda 219 ta loyiha doirasida 54 milliard 720 million so‘mlik 5 ming 460 kilometrdan ortiq kollektor tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, qurish hamda ta’mirlash ishlari olib borildi. 
Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturiga asosan joriy yilda viloyatimizda 32 ta loyiha doirasida 12 milliard 353 million 344 ming so‘mlik 765 kilometr hajmdagi meliorativ tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu 19 ming 500 gektar yer maydonining meliorativ holatini yaxshilash imkonini beradi. Jumladan, Payariq tumanidagi Qorasuv tumanlararo kollektorida 11,3 kilometr uzunlikda rekonstruksiya qilish ishlarining 3-bosqich loyihasi doirasida sharshara, gidrotexnik inshootlar qurish, qirg‘oqlarni himoya qilish ishlari davom etmoqda. Qiymati 600 million so‘m bo‘lgan loyihaning amalga oshirilishi bilan fermer xo‘jaliklarining 500 gektar yer maydoni meliorativ holati yaxshilanib, hududdagi qirg‘oqlar eroziyasining oldi olinadi. 

Mehroj ABDURAHMONOV, 
Zarafshon irrigatsiya
tizimlari havza
boshqarmasi qoshidagi meliorativ
ekspeditsiyasi bo‘lim
boshlig‘i.