Yeungnam University tadqiqotchi-talabalari "Matbuot uyi" mehmoni bo‘ldi

Viloyat "Matbuot uyi"ga Janubiy Koreya davlatining Yeungnam University talabalaridan iborat bir guruh yoshlar keldi.

Tadqiqotchi-talabalar dastlab "Samarqand matbuot muzeyi"dagi eksponatlarni tomosha qildi. "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Akram Haydarov xorijlik talabalarga muzeydagi eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Samarqandda dastlabki gazetaning qanday chop etilgani, unda ishlatilgan harf terish mashinkasi va boshqa asbob-uskunalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Janubiy Koreyalik talabalar tahririyatning kechagi va bugungi ish jarayoni bilan tanishgach, ular bilan davra suhbati tashkil qilindi.

Mehmonlar Samarqand shahri katta taassurot qoldirgani, ayniqsa, tarixiy obidalaridan hayratga tushganini aytishdi.

Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlikdagi kelishuvga asosan shahrimizga 10 kunlik mehmonga kelgan chet ellik talabalar volontyor sifatida mahalla, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishadi. Shuningdek, rejalashtirilgan manzillarda volontyorlik faoliyatini olib boradi.

Yeungnam University talabalariga uyushma viloyat bo‘limi va tahririyat nomidan esdalik sovg‘alari ulashildi.