Yevropalik turizm mutaxassisi: “Mana bu qoidalarga amal qiladiganlar yutadi, boshqalar yutqazadi”
“Turizmda barqaror faoliyat yurituvchi tadbirkor mas’uliyatli, etika qoidalariga rioya qiluvchi, ekologiya, ehtiyojmandlarga qayg‘uruvchi, jamiyat madaniyati, tabiatga zarar yetkazmaydigan tadbirkordir. Ya’ni, barqaror turizm deganda, yashaydigan va sayohat uyushtiriladigan joylarni, u yerdagi odamlarni avaylashni tushunishimiz kerak. Turoperatorlar turistlarga ma’lum joyga sayohat tashkillashtirib ularga tajriba va taassurotlarni sotisharkan, o‘sha yer ahvoli, odamlari haqida ham o‘ylashi shart. Bugungi kunda holat shundayki, yuqorida sanab o‘tilgan talablarga rioya qilmasangiz, boshqalar – o‘sha qoidalarga amal qiladiganlar yutishadi, siz esa yutqazasiz”.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bugungi Yevropa turistlari ham bunga jiddiy e’tibor berishadi. Turoperatorlarni, mehmonxonalarni tanlashayotganda, avvalambor, ularning ekologik madaniyati yuqori, sayohat uyushtiriladigan joylardagi odamlar va ularning madaniyatiga hurmatda ekaniga, o‘z ishchilarining huquqlarini himoya qilishiga ishonch hosil qilishadi. Bunda esa ular turli sertifikatlashtirish kompaniyalarning bergan bahosiga tayanishadi. “Turoperatorlar yuqorida sanab o‘tilganlarni chuqur anglashlari va bunga e’tibor berishlari kerak, chunki sayohatchilar, albatta, shunday qilishadi”, deydi Kris Tompson.
Statistik ma’lumotlarga kelsak, Buyuk Britaniyada turistlar orasida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, yevropalik sayohatchilarning deyarli 70 foizi turoperator yoki mehmonxona tanlayotganda barqaror turoperatorlarni tanlashadi.
“Barqarorlik – yaxshi sotiladigan brend. Barqaror turizm faoliyatini yuriting va uning qoidalariga amal qilayotganingizni sayyohlarga bildiring. Chunki kishilar ezgu ishlarga o‘z hissasini qo‘shayotganini bilishni istashadi”, deydi Kris Tompson.
Barqaror faoliyatni yuritishni istagan turizm sub’yektlari nimalarni hisobga olishlari kerak? Bu savolga u shunday javob beradi:
- biznesingizda ekologiya talablariga rioya qiling. Tejamkorlikka, tabiatga xavfsiz narsalardan foydalanishga, ularning qayta ishlanishiga hissa qo‘shing. Shu bilan birga xodimlaringiz va mijozlaringiz ham shunday ezgu amallarni bajarishlari uchun sharoit yarating. Qog‘oz, transport, suv va boshqalarni uvol qilmang;
- tashkillashtirayotgan sayohatlarning tabiatga, tarixiy ob’yektlarga, mahalliy aholi madaniyati va turmush tarziga bo‘lgan t’asirini o‘rganing va uning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga harakat qiling;
- xodimlaringiz huquqlarini buzmang. Ularni qo‘llab-quvvatlang. Ishchilaringizning ta’limiga, malakasini oshirishga e’tibor bering;
- sertifikatlashtirish kompaniyalarining xizmatidan foydalanishingiz biznesingizning bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilishiga xizmat qiladi. Chunki, yirik va nufuzli kompaniyalar nufuzli hamkorlar bilan ishlashni istashadi.
Firdavs MELIBOYeV.