Yil boshidan korrupsiya bilan bog‘liq 673 ta jinoyat ishlari aniqlangan

IIV tizimidagi korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilning 10 oyi davomida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida korrupsiya bilan bog‘liq 673 ta jinoyat ishlari aniqlangan.

Korrupsiyaga va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi ushbu jinoyatlarga aloqador 126 ta guruhni qo‘lga olib, 84 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlagan.

Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning 85 tasi poraxo‘rlik, 51 tasi tovlamachilik va 311 tasi firibgarlik jinoyatini tashkil etadi.

Korrupsion jinoyatlar asosan ijtimoiy sohada, hokimiyat idoralarida, o‘rta va kichik biznesda hamda agrosanoat kompleksida sodir etilgan.

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rustam Xotamov ma’lum qildi.