Yil sarhisobi: Samarqandda sport sohasida qanday ishlar amalga oshirildi?
Viloyatda 24 ta olimpiya, 4 ta milliy, 35 ta noolimpiya sport federatsiyasi, 1 ta milliy paralimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘limi, 2 ta jismoniy tarbiya va sport jamiyati, 1 ta sport kengashi hamda 27 ta sport-ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, aholining sportga qamrovini oshirish, terma jamoalarga sportchilar yetkazib berish, sport inshootlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, davlatimiz rahbarining “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi ,“Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari hamda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida hudularda jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berilgan.
Shu asosda Samarqandda 2022 yilda 22 foiz, 2023 yilda 26 foiz, joriy yilda esa 28,2 foiz aholi ommaviy sportga qamrab olindi.
Xususan, 2024 yil davomida viloyatimizda 5700 ga yaqin ommaviy sport tadbirlari o‘tkazilib, 1 million 184 ming nafardan ziyod aholi jalb qilindi. Shuningdek, o‘nga yaqin xalqaro sport tadbirlari o‘tkazildi, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida joriy yilgi mavsumda 10-30 yosh toifasidagi 680 ming nafardan ortiq yoshlar ommaviy sport musobaqalariga qamrab olindi. Ushbu ko‘rsatkichlarni 2025 yilda yanada oshirib, aholining ommaviy sportga qamrovini 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
262 ming nafardan ziyod aholidan aholidan sport sinovlari olindi
Viloyatimizda joriy yilning mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha, avgust-sentyabr oylarida 30 yoshdan 49 yoshgacha, oktyabr-noyabr oylarida 50 va undan katta yoshdagi shaxslardan hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablar asosida sport sinovlari olindi.
Sport sinovlarini topshirgan fuqarolarning tahliliy ma’lumotlarini yagona elektron bazada yuritish amaliyotini joriy etish maqsadida my.sport.uz platformasida “Sport sinovlari” axborot tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, uzoq va qisqa masofaga yugurish, yurish, basketbol savatchasiga to‘p kiritish, uzun va qisqa masofaga sakrash, granata uloqtirish kabi sport mashg‘ulotlarini bajargan ishtirokchilar baholab borilmoqda.
Yil davomida 262 ming nafardan ziyod aholidan sport sinovlari qabul qilindi.
Sport sinovlarining ixtiyoriy talablari mahallalardagi sport inshootlarida o‘tkazildi. Maxsus talablari tuman (shahar)lardagi sport maktablarida qabul qilindi. Sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan 376 nafar ishtirokchi «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, ular bir yil mobaynida ko‘plab imtiyozlardan ham foydalanadi.
Yangi sport inshootlari va maydonchalari barpo etildi
Joriy yilda mahalliy, investitsiya dasturlari hamda “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari asosida viloyatdagi 8 ta sport-ta’lim muassasasidagi sport inshootlarini mukammal ta’mirlash, yangidan barpo etish belgilangan edi. Hozirga qadar investitsiya dasturi asosida Ishtixon tumanidagi Qoraqo‘yli mahallasida sport maktabining zamonaviy sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ayni paytda viloyat futbol akademiyasida sport zal, Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida 250 o‘rinli yotoqxona, oshxona va yangi sport zali, Narpay tumani sport maktabi hududida badiiy gimnastika zali, Qo‘shrabot tumani sport maktabida yakka kurash sport turlari bilan shug‘ullanish uchun “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari asosida yengil konstruksiyali sport zalining qurilish ishlari yakunlanmoqda.
Samarqand shahar 2-son sport muassasasining sport zali hamda stadionini rekonstrutsiya qilish uchun mahalliy byudjetdan 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan. Zamonaviy moddiy-texnik va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy gimnastika sport turlariga tayyorlash markazining qurilish ishlari esa davom etmoqda.
2022-2024 yillarda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalarining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan yoshlarning mahallasiga vazirlik tomonidan 115 ta sport maydonchasi qurib berilgan. Ammo aholidan tushayotgan murojaatlar asosida ishchi guruhi sport maydonchalarining qurilish holati, saqlash, undan foydalanishni o‘rganganda maydonchalarning 13 tasida yoritish chiroqlari, 8 tasida rezina qoplamalar, 9 tasida yurish yo‘laklari ta’mirtalab holatga kelib qolgani aniqlandi. Qurilishidagi kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Terma jamoaning 10 foizini samarqandlik sportchilar tashkil qiladi
O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga viloyatimizdan 1421 nafar (asosiy tarkibga 949 nafar, zaxira tarkibga 472 nafar) sportchi kiritilgan. Bu milliy terma jamoaning qariyb 10 foizini tashkil qiladi. Joriy yilning o‘tgan davrida sportchilarimiz O‘zbekiston chempionati va kubogida 307 ta oltin, 394 ta kumush, 449 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, jahon, Osiyo va xalqaro sport musobaqalarida 72 ta oltin, 70 ta kumush, 88 ta bronza medal qo‘lga kiritildi.
Shu bilan birga, Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida 10 ta sport turi bo‘yicha 17 nafar sportchimiz ishtirok etib, 2 ta oltin, 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Pastdarg‘omlik sportchimiz Diyora Keldiyorova dzyudo bo‘yicha ayollar o‘rtasida olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lagan ilk o‘zbek ayol sportchisiga aylandi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirvsida joriy mavsumda viloyatimiz yoshlari 9 ta oltin, 6 ta kumush va 12 ta bronza jami bo‘lib 27 ta medallarni qo‘lga kiritdi.
Biroq ayrim sport federatsiyalari va sport muassasalarida sport turlari bo‘yicha natijalar qoniqarli emas. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida voleybol va suzish sport turidan 3 nafardan, badminton sport turidan 1 nafar sportchi terma jamoaga qabul qilingan, xolos. Oqdaryodagi sport maktabidan 1 nafar, Toyloqdan 3 nafar, Bulung‘urdan 5 nafar sportchi yetkazib berilgan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘ondagi sport maktablaridan terma jamoaning asosiy tarkibiga sportchi qabul qilinmagan. Shuningdek, regbi, suvga sakrash, suv polosi federatsiyalari erishayotgan natijalar qoniqarsiz, penchak silat, kikboksing, shotakan karate, o‘zbek jang san’ati federatsiyalari O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga sportchi yetkazib bermayapti.
Albatta, sport federatsiyalari va sport maktablaridagi mavjud muammolarning asosiy sababi - shug‘ullanish uchun sport komplekslarining yetishmasligi, inshootlarning moddiy-texnik bazasidagi kamchiliklar. Tizimdagi ushbu muammolarni kelgusi yillarda manzilli dastur asosida bosqichma-bosqich hal etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2025 yilda yoshlar o‘rtasida yozgi Osiyo va paraosiyo o‘yinlariga 24 ta sport turi bo‘yicha 102 nafar nomzod sportchilarning munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun sharoit yaratish, 2026 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga viloyat sportchilarini tayyorlash, “Los-Anjeles-2028” olimpiadasiga litsenziyalar sonini oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, qarovsiz holatga kelib qolgan Bulung‘ur tumanidagi “Diyor”, Qo‘shrabotdagi “Mehnat”, Oqdaryodagi “Loyish”, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kattaqo‘rg‘on” va “Polvontepa” o‘yingohlarini ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shuhrat RO‘ZIYeV,
Samarqand viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i.