Yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy e’lon qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda koronavirus ta’siri eng yuqori bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq ta’tillari va kredit qarzlari bo‘yicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Jumladan, yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy e’lon qilinadi va qiynalgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblash to‘xtatiladi. Bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning minimal summasi oyiga hisoblangan bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizigacha kamaytirildi.

Qishloq xo‘jaligidagi yerlarni sug‘orish uchun foydalaniladigan hajmlar bo‘yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020 yilda o‘rnatilgan stavkalardan 50 foizga pasaytirildi.

Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashiga faoliyati turizm sohasiga bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalarini 30 foizga pasaytirish tavsiya qilindi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash muddatlari 2020 yil 15 oktyabrga qadar uzaytiriladi.

2020 yil 1 aprelidan hayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan jismoniy shaxslarning daromadlari soliqdan ozod qilinadi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.