Yillik iste’mol me’yori qancha?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 840 milliondan ortiq kishi, ya’ni deyarli sakkiz odamdan biri to‘yib ovqatlanmaydi. Sayyoramiz aholisining 30 foizidan ortig‘i to‘laqonli ovqatlanmaslik, asosiy mikroelement va vitaminlar yetishmasligi muammosini boshidan kechirmoqda. Shuning uchun dunyoda 160 milliondan ortiq bola bo‘y o‘sishi, jismoniy va intellektual rivojlanish bilan bog‘liq kamchiliklardan aziyat chekadi.
To‘laqonli ovqatlanish iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari insonning normal rivojlanishi va faoliyat yuritishi, uning organizmida to‘g‘ri modda almashinuvi, salomatlikni mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish, keksayish jarayonini sekinlashtirish va umrni uzaytirish uchun zarur bo‘ladigan to‘yimli va sifatli moddalar bilan kerakli darajada ta’minlanishiga bog‘liq.
Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tadqiqotlariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda bir kishi uchun tavsiya etilgan kundalik 400 gramm o‘rniga 150-200 gramm meva-sabzavot iste’mol qilinmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining to‘g‘ri ovqatlanish me’yorlariga rioya qiladigan bo‘lsak, har bir inson yil davomida 45 kilogramm go‘sht, 15 kilogramm baliq, 250 litr sut mahsulotlari, 126 dona non, 250 dona tuxum, 36 kilogramm shakar, 12 litr o‘simlik yog‘i, 40 kilogramm kartoshka, 180 kilogramm poliz-sabzavot va 78 kilogramm uzum va meva iste’mol qilishi lozim.
Shu maqsadlarda mamlakatimizda yil sayin oziq-ovqat tovarlari sifatini oshirib borish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlarini ko‘paytirishga alohida ahamiyat berilmoqda. 2005 yil bilan solishtirilganda sabzavot 7,7 barobar, meva 5,1, poliz 7,8, uzum yetishtirish 8,7 barobarga o‘sdi. 2020 yilda esa meva-sabzavot, uzum, poliz mahsulotlari yetishtirish 2014 yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘payishi kutilyapti. Ammo bu hali yetarli emas. Masalaning ijobiy yechimini topish uchun oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz ko‘paytirish dasturini ishlab chiqishimiz lozim.
Inoyat AKRAMOV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dotsenti.