Yirik tarixchi olim, arxeolog, taniqli ziyoli Amriddin Berdimurodov 70 yoshda
Bugun Samarqand arxeologiya institutida tarix fanlari nomzodi, arxeolog Amriddin Berdimurodov va Gennadiy Bogomolovlarning 70 yillik tavalludlariga bag‘ishlangan “Sug‘d va Chochning qadim va o‘rta asrlar davri madaniyati hamda diniy e’tiqodlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi.
Tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘zga chiqib, viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning tabrigini o‘qib eshittirdi.
- Xalqaro anjuman o‘zbek arxeologi, ziyolisi Amriddin Berdimurodovning 70 yilligiga ham bag‘ishlangan, - dedi Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmua rahbari, professor Temur Shirinov. – A.Berdimurodovning ilmiy faoliyati O‘zbekiston arxeologiyasi bilan bog‘liq. U hayoti davomida laborantlikdan to institut direktorligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tib, respublikamizga taniqli bir shaxsga aylandi. Turk hoqonligi, arablar bosqini, ilk yuz yilliklardagi moddiy madaniyat, O‘zbekiston madaniyatiga bag‘ishlangan ilmiy ishlari, ayniqsa, Sug‘ddagi ko‘plab kashfiyotlar, Kofirqal’a, Jartepadagi qazishma ishlari Amriddin Berdimurodov nomi bilan bog‘langan. U hayoti davomida o‘z maqolalari bilan dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqdi. Masalan, 1990 yilda respublika gazetasida e’lon qilingan “Sulton suyagini xorlamas” degan maqolasi bilan Amir Temur taqdiriga bog‘liq masalani ko‘targandi. Keyinchalik tariximiz guvohlik berdiki, Amir Temur bizning milliy qahramonimizga aylandi. Ungacha Amir Temur tariximizda yo‘q bir shaxs edi.
- Samarqand arxeologiya instituti bilan Xitoy Shimoliy G‘arbiy universitet o‘rtasidagi hamkorlik 2009 yilda boshlangan edi, - dedi universitet ilmiy xodimi Tang Yun Peng. – Biz asosan, Samarqand, Surxondaryo hududlarida arxeologik qazishma ishlarini olib borganmiz va katta yutuqlarni qo‘lga kiritganmiz. Men Amriddin Berdimurodovning shogirdi sifatida u kishidan juda ko‘p arxeologik bilimlarni oldim. Bugungi anjumanga universitetimiz rahbarlarining tabrigini yetkazish maqsadida keldim.
- Biz Amriddin Berdimurodovni adib deb hisoblaymiz, - dedi Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Sababi, uning kitoblari badiiy tafakkur bilan yo‘g‘rilgan bo‘ladi. Masalan, “Samarqand tarixidan tomchilar”, “Vatanga najot” degan kitoblarida juda katta ma’lumotlar jamlangan. Uning asarlari yozuvchilarga ham ilhom beradi. A.Berdimurodov “Samarqand tarixidan tomchilar” degan kitobida Kleopatra Spitamenning avlodi deydi. Mana shu jumla menga ilhom berdi va tarixni o‘rganib chiqdim. Natijada 2020 yilda Kleopatra haqida roman yozdim. Ushbu asarim bugungi kunda kitobxonlar tomonidan yaxshi o‘qilyapti hamda boshqa tillarga ham tarjima qilinyapti.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimida olimlar, arxeolog hamda xorijiy mehmonlar o‘z iliq tilaklarini bildirdi. Tarixchi, olim, arxeolog Amriddin Berdimurodovning kelgusi faoliyatiga omad tilandi.
Ikki kun davom etadigan konferensiya ishida yangi arxeologik topilmalar tahlili, natijalari va olib borilayotgan ishlar haqida qiziqarli ma’ruzalar tinglanadi.
Xurshida ERNAZAROVA.
Baxtiyor MUSTANOV foto.