Yo‘l harakati qoidalarini unutayotgan haydovchilar

Bularning hammasi transport, piyodalar harakat xavfsizligini muhofaza qilishga qaratilgan. Afsuski, xavfsizlik qoidalari va bu belgilarga hamma haydovchi va piyodalar to‘liq amal qilmayapti. Negadir, ayrim haydovchilar va piyodalar harakat xavfsizligi qoidalari uni nazorat qiluvchi yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun deb o‘ylashadi. Ularga ko‘zlari tushishi bilan qoidani eslab qolishadi.

Mashinada ketyapmiz. Oldinda yo‘l-patrul xizmati xodimi ko‘rindi. Haydovchi tezlikni pasaytirish, rulni mahkamroh ushlashni ham esdan chiqarib, shosha-pisha xavfsizlik kamarini yelkasiga tashlashga urinib qoldi. Agar vaqtida ogohlantirmaganimizda mashina yo‘ldan chiqib ketardi. Bunday misollar ko‘p uchraydi. Xavfsizlik kamarini taqish yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun emas, haydovchining xavfsizligi uchun-ku! Yoki ko‘pchilik haydovchilar harakat paytida telefonda gaplashadi. Yo‘l-patrul xizmati xodimi ko‘rinsa, darrov telefonni yig‘ishtiradi. Tezlikni belgilanganidan oshirishda ham shunday hol: radar ko‘rindimi, tezlikni pasaytiradi, radar yo‘qmi, istalgancha oshiradi.

Televideniye, matbuotda avtohalokat, piyodalarni mashina urib ketishi haqidagi xabarlarni ko‘rib, dahshatga tushasiz. Qandaydir beparvo yoki mast haydovchi yo qoidani buzgan piyoda aybi bilan hayotdan bevaqt ko‘z yumgan odamlar, abjag‘i chiqqan transport vositalari, bir umr nogiron bo‘lib qolgan kishilar

Past Darg‘om tumanidagi Qo‘qoni mahallasi ichidan katta asfalt yo‘l o‘tgan. Atrofida maktab, aholi hovli-joylari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashgan. Mahallaga har ikki tomondan kirishda tezlikni soatiga 40 kilometrdan oshirishni cheklovchi, "Bolalar", "Piyodalar" degan belgilar o‘rnatilgan. Afsuski, ba’zi "uchar" haydovchilar bu qoidalarni mensimaydi. Yaqinda kech soat 21:00 larda qoidani buzgan "Lasetti" haydovchisi katta tezlikda kelib, mahalla fuqarosini urib ketdi. Qirchillama yoshdagi yigitning umriga zomin bo‘ldi. Oradan ikki kun o‘tmay, Samar­qand - Juma katta magistral yo‘lining shu mahallaga burilish joyida yana bir fuqaroni mashina urib ketdi... Ikkita oila qarovchisidan ayrildi. Fojia sodir bo‘lgan joylarga nazar solsangiz, avtomobil va piyoda yo‘lovchilar harakatiga xavf tug‘diradigan biror to‘siqni ko‘rmaysiz. Yo‘l tekis, piyodalar uchun yo‘laklar mavjud. Harakat xavfsizligi belgilari o‘rnatilgan. Sabab bitta: ayrim haydovchilar, piyodalar harakat xavfsizligi qoidalarini yaxshi bilmasliklari yoki bilsa ham pisand etmasligidadir.

Samarqand shahri, tumanlar va mahallalarida aholi harakat xavfsizligini ta’minlash uchun juda katta ishlar qilinyapti. Chorrahalar svetofor bilan tartibga solinmoqda. Qo‘shimcha yo‘l belgilari o‘rnatilyapti. Kuzatuv kameralari ishga tushirilyapti. Maktab, o‘quv muassasalarida yo‘l harakati xavfsizligi haqida tegishli organlar tomonidan suhbat va darslar o‘tilyapti, yo‘llar, ko‘priklar ta’mirlanyapti.

Afsuski, ana shunday amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, yo‘l-transport hodisalari ro‘y berib turibdi. Achinarlisi, bu hodisalar odamlar umriga zomin bo‘layotir, mayib-majruh qilib qo‘yayapti. Bu fuqarolarimizning yo‘lda harakatlanish madaniyati pastligi, qonun-qoidalarga beparvo va loqaydligini ko‘rsatadi.

Biz kundalik yumushlarimiz, yaxshi niyat bilan xoh haydovchi, xoh piyoda yo‘lovchi sifatida ostona xatlab yo‘lga, ko‘chaga chiqar ekanmiz, yo‘l harakati ishtirokchisiga aylanamiz. Demak, o‘zimiz va boshqalar hayoti xavfsizligi haqida qayg‘urishimiz kerak.

 

Tog‘aymurod ShOMURODOV.