Yo‘ling oq bo‘lsin, o‘g‘lon!

Viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, bo‘lajak yurt posbonlarining ota-onalari ishtirok etgan tadbirda viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi S.Rafiqov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi R.Qobilov va boshqalar bugungi kunda Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli milliy armiyamiz salohiyati yuksalganligini e’tirof etdilar. Bo‘lajak askarlarni qutlab, ularga oq yo‘l tiladilar. 

– Bugun juda baxtiyorman, – deydi Past Darg‘om tumanidan muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketayotgan Shohrux Hotamov. – Sababi, yoshlikdan orzu qilgan niyatim amalga oshdi. Egnimga harbiy libosni kiyishga muyassar bo‘ldim. Kelgusida muddatli xizmatni o‘tab bo‘lgach, harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirishni maqsad qilganman.
Bo‘lg‘usi askarlarga viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. 
San’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

***

Payariq tumanidagi 41-umumta’lim maktabida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘zga chiqqan maktab direktori Q.Abbosov va O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi harbiy-texnik institutining 4-bosqich kursanti Rustam Berdiyev va boshqalar Murojaatnomada belgilangan maqsad va vazifalar haqida so‘z yuritdi.

Azamat TOVBOYeV,
Orif ABDUHAKIMOV.