Yog‘ingarchilikda Samarqand shahri ko‘chalarini suv bosmasligi uchun nima qilish kerak?

- Samarqand shahridagi ayrim ko‘cha va aholi xonadonlarini kuchli yomg‘ir yoqqanda nega suv bosadi?

- Shahar ko‘chalariga suv toshishi nima sababdan har yili takrorlanadi?

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, shahar hokimi B.Obloqulov va bir guruh mas’ul xodimlar ishtirokida shahardagi kanal va kollektorlar masalasida o‘tkazilgan yig‘ilishda shu kabi savollarga javob izlandi.

Ta’kidlandiki, bir necha oydan buyon Samarqand shahridan oqib o‘tuvchi kanal va kollektorlar ustida hamda unga tutash hududlarda qurilgan bino va inshootlar belgilangan tartiblar asosida buzilib, chiqindilardan to‘liq tozalandi. Shahar hududidan oqib o‘tuvchi kanallarni qat’iy nazoratga olish, fuqarolar tomonidan chiqindi tashlanishi va kanalizatsiya quvurlarining ulanishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Aholi tomonidan shunday holatlarga yo‘l qo‘yilsa, qonun doirasida ularni ogohlantirish va o‘rni kelsa chora ko‘rish kerak.

- Kanal hamda ariqlar yo‘li qayta ta’mirlanib, u yerda o‘zboshimchalik bilan qurilish qilgan holda suv yo‘li bekitilmasa va har xil chiqindilar tashlanmasa, ko‘chalarni hech qachon suv bosmaydi, - dedi viloyat hokimi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilar shahardagi kanal va kollektorlardagi holatni joyiga borib o‘rgandi va tegishli xulosalarga kelindi.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.