YO‘L BOShLOVChI KEMALAR
Muallimlar fidoyi, muhtaram zot bo‘ladi,
Ichib daryo mehringizdan, toychoqlar ot bo‘ladi.
Naqorat:
Yoshligini kitoblarga joylagan ustozlarim,
Ilmi birla bo‘ron yo‘lin boylagan ustozlarim.
Tunlar hamma uxlaganda qalbida bong boshlanar,
Yoningizga quyosh kelgach, osuda tong boshlanar.
Siz boshini silaganlar, ulg‘ayib sor bo‘ladi,
Siz baxtini tilaganlar, karvonda nor bo‘ladi.
Siz hayot dengizida yo‘l boshlagan kemalar,
Qo‘lingizda kelajakka bitilgan gul nomalar.
Oq qorlarga aylanganda sochingizda tolalar,
Oy, quyoshni qo‘lda tutar, siz o‘qitgan bolalar.
Bayramingiz muborak, ey daryoyi azimlar,
Qabul aylang Xosiyatdan, Sizga she’riy ta’zimlar.
Xosiyat Bobomurodova
USTOZLAR
Jamalaksoch qizcha edim men,
Bir beg‘ubor qushcha edim men.
Cho‘kib kitob-qog‘ozlarimga,
Chopar edim ustozlarimga.
Maktab edi men uchun hayot,
Ustozlarim o‘giti qanot.
Orzu – baxtni quchar edim men,
Osmonlarda uchar edim men.
Qo‘l ushlashib oy-yillar o‘tdi,
Bahordek sho‘x fasllar o‘tdi.
Chopa-chopa toldim, ustozlar,
Men ulg‘ayib qoldim, ustozlar.
Olaverib saboqlar turin,
Tog‘dek dardli nigoh bo‘ldim men.
Zamin uzra to‘kilayotgan
Juda ulkan saboq bo‘ldim men.
O‘z-o‘zimga suyanib, bir-bir
Odimlayman, oyoqlarim cho‘g‘.
Bu dunyoda endi men uchun
Yashamoqdan og‘ir yumush yo‘q.
Jamalaksoch qizcha edim men...
Jumagul SUVONOVA
USTOZGA
Besh harfda dunyoning mazmuniga sharh,
Besh harfda mujassam hikmati mumtoz.
Ezgulik ustozdir olamda asli,
Yaxshilik-mukammal muallim, ustoz.
Fidoyi insonning xislati ibrat,
Uning sabog‘idan dil aylar parvoz.
Shogird tashvishini yelkaga ortib,
Yorug‘ manzillarga chorlaydi ustoz.
Mudom sabog‘ini unutma, do‘stim,
Gul tutgil bugun sen ustoz qo‘liga.
Uning marhamati hadsiz, bepoyon –
Gullar to‘shar doim shogird yo‘liga.
Yaxshi odamdirsan aslida do‘stim,
Agar yaxshilarga qilolsang havas.
Yashashdan maqsad ham ayon: kimgadir
Ustoz bo‘la olsak, shuning o‘zi bas.
Farmon TOShEV
USTOZLARGA
Volidaga mengzarlar: ona yer, ona quyosh,
Azaldan mavjud kalom: ustoz otadan ulug‘.
Aslida murabbiy zot ota-onaga qiyos,
Farzand uqqan so‘z, misli bo‘lar jangchi tutgan tug‘.
Ayoldan avliyo yo‘q, avliyo tuqqan ona,
Eng ulug‘ alloma ham ustozdan topgan kamol.
Piri komildan shogird to‘g‘ri yo‘lga ravona,
Parvarish bilan doim har gul ko‘rsatgan jamol.
Murabbiy ulug‘langan davlat aslo bo‘lmas kam,
Yurtda ustozlar qadri ko‘tarildi ko‘k qadar.
Dunyoga bilim bergan bizku ming yil muqaddam,
Tarixdan haqiqatni hech kim qilolmas badar.
Yurt qudratli bo‘lgaydir gullasa ilmu ta’lim,
Shavkat topgan tafakkur vatanni qilgay obod.
Ming rahbarning sarvari bo‘lsa dono muallim,
Bunday yo‘lboshchi bilan barkamol bo‘lar avlod.
Xurshid NURULLAYeV