Yo‘l o‘rtasidagi quduqlar: Ularni kim, qanday quradi, kim nazorat qiladi?
Samarqand dunyo nigohidagi shaharga aylanib bormoqda. Jahonning nufuzli tashkilotlari inson umri davomida bir marotaba bo‘lsa ham borib ko‘rishi kerak bo‘lgan 50 ta shahar ichida Samarqandning ham e’tirof etilgani dunyo tamadduniga beshik bo‘lgan shahrimiz uchun berilgan eng yaxshi ta’riflardan biri bo‘ldi.
Qadim kentni ko‘rish orzusidagi insonlar kun sayin ortib borayotgani ham bejiz emas. Ammo biz xorijiy sayyohlarni ko‘proq jalb qilish, turizmni rivojlantirish haqida gapirayapmiz-u, lekin ba’zan ular uchun zarur infratuzilmani yarata olmayapmiz. Sayyoh yurtimizga eshitgani bilan keladi, ko‘rgani bilan esa xorijliklar fikrini shakllantiradi.
Ichimlik suvi, elektr, tabiiy gaz, internetni qo‘yib turaylik, yo‘llarning sifati ham mehmonga qanday mezbon ekanligimizni ko‘rsatib qo‘yadi. Misol uchun, yangi ta’mirlangan yo‘ldan ketayotganingizda yo‘lning o‘rtasida asfaltdan baland yoki aksincha holatda o‘rnatilgan quduq (kolodets)larga duch kelasiz. Gohida o‘sha quduqlarning qopqog‘i ham bo‘lmaganidan shox, eski shina va boshqa shunga o‘xshash jihozlar qo‘yilgan bo‘ladi. Bu bizning qanchalik "kuyunchak", "tejamkor" yoki "e’tiborli" ekanligimiz, soha mutaxassislari o‘z kasbida qanchalik “uddaburon” ekanligini anglatadimi?
Bir nechta jonkuyar mushtariylarimiz avtomobil yo‘llaridagi ochiq turgan quduqlar, o‘zi aslida bunday quduqlarni qaysi tashkilotlar va qanday tartibda o‘rnatishi, nega ishlar doim chala qoldirilishi bo‘yicha murojaatlar qilishdi. Shu bois mushtariylarimizning savollariga javob topish va bu borada maqola tayyorlash maqsadida soha taalluqli bo‘lgan Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i (Yu.Bobonazarov), viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi rahbari (K.Yusupov) va viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi boshlig‘i (A.O‘roqov)ga murojaat qildik. Bilishimizcha, avtomobil yo‘llari o‘rtasidagi quduqlarning ayrimlari “Telekom” va “Hududgaz” idoralariga tegishli ekan. Tabiiyki, bir idoraning qudug‘iga boshqasi tegmaydi.
Nima bo‘lganda ham rasmiy xat orqali qilingan murojaatimizga ikki haftadan ortiq vaqt o‘tsa hamki, birorta tashkilot javob bergani yo‘q. Vaholanki, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga ko‘ra, “Ommaviy axborot vositasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rov bilan ularga og‘zaki yoki yozma shaklda (shu jumladan, elektron hujjat shaklida) murojaat etish huquqiga ega.
Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan yetti kun muddatda ko‘rib chiqiladi.
Agar ommaviy axborot vositasining so‘rovini ko‘rib chiqish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari jumlasiga kirmasa, so‘rov so‘ralayotgan axborotni taqdim etish o‘zining vakolatiga kiritilgan organga ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida yuboriladi, ommaviy axborot vositasi esa bu haqda xabardor qilinadi.
So‘rov rad etilgan taqdirda, ommaviy axborot vositasiga asoslantirilgan javob yuboriladi”, deyilgan.
Bu tashkilotlar esa ikki hafta davomida rasmiy murojaatga e’tibor ham qaratishmagan ko‘rinadi. Yoki ular mas’uliyatni bo‘yinga olishni ep ko‘rishmayaptimi?
O‘ktam Xudoyberdiyev.