Yo‘ldagi suhbat yoki "Erman" deyishga kim haqli?

Toshkentga borayotganimda taksida menga bir nuroniy yo‘ldosh bo‘ldi. Gap gapga ulanib, suhbatimiz to‘ylarga kelib taqaldi.

- O‘ttiz kishilik to‘y qiling, deyilgani juda ma’qul bo‘ldi, - deya so‘z boshladi otaxon qoshini chimirib. Ortiqcha dabdaba va chiqimlarga, isrofgarchiliklarga chek qo‘yildi.

- To‘g‘ri, biz ham shu fikrdamiz, – boboni suhbatga yana tortish uchun qo‘zg‘ab qo‘ydim.

- Bir voqeani aytay, bolam. Karantin yumshatilgach, iyul oyining boshida nabiramga sunnat to‘y qildim. Mahallakom va oqsoqollarning aytganicha hovli o‘rtasidagi bedapoyaga gilam soldirib ko‘rpachalar to‘shattirdim. To‘yga 25-30 kishini chorladik. Qishlog‘imizdan chiqqan Rustam hofiz davrani rosa qizitdi.

- Raqqosa ham keldimi?

- Qayoqda. Xursandchiligimdan o‘zim o‘yinga tushib ketibman. Kampirimdan rosa dashnom eshitdim «yoshlarga kulgi bo‘ldingiz» deb.

Otaxon bir tabassum qilib oldi. Yo‘l uzoq bo‘lganligi bois uni yana gapga soldim.

- To‘yonalar nima bo‘ldi, to‘yga kelolmay qolganlar gina qilishgan bo‘lsa kerak.

- Unisini bilmadim. Ammo «Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq» degan. Eldan chiqish yaxshi emas. Xo‘sh, bizni katta-katta to‘y qilasan, deb kim majbur qilyapti? Bunga o‘zimiz aybdor ekanmiz keyin bilsam.

Mana, to‘yimiz ixcham, tartibli o‘tdi. Aytarli chiqim ham bo‘lmadi. Topgan pul, topmagan bir bog‘ piyoz deganday, to‘ybolaga ataganini berishdi: biri kostyum-shim, biri esa dars tayyorlaydigan stol-stul olib kelishibdi. Bundan bola nihoyatda xursand bo‘ldi.

- Nabirangizning ota-onasini orzusi ushaldimi, haytovur?

- Bunisini aytmabman hali. O‘g‘lim bilan kelinim to‘yga atab rosa yig‘ingan ekan. To‘yga aytarli pul ketmabdi. Yana deng, qolganiga qo‘shib-chatib mashina oladigan bo‘libdi.

- Ilgarilari to‘ylarimiz ham bugungidek o‘tarmidi? – o‘smoqchilayman.

- Endi, bolam, hamma vaqt ham zamonga qarab ish tutish kerak-da. Har xil dabdaba, ortiqcha irim-sirimlar yaqinda paydo bo‘ldi. Ilgari to‘ylarimiz tartibli o‘tardi. Shohona dasturxonlar qayoqda deysiz? Har qanday to‘yda ham dasturxonga parvarda-non tortilib, osh suzilardi, xolos. Nikoh to‘ylari nihoyatda ixcham bo‘lardi. «ZAGS», «vecher» degan gap yo‘q edi. Nikoh o‘qilgach, kelin-kuyov «ZAGS»idorasiga borishib hech qanday dabdabasiz ro‘yxatdan o‘tib kelardi. Nabira tug‘ilgach, to‘rt-beshta kishi beshik ko‘tarib borardi, xolos. Hech kim xafa bo‘lmasdi. Sunnat to‘ylarimiz ham shunday ixcham o‘tardi.

- Nimasini aytasiz, ota? Endi odamlarimiz sekin-asta tushuna boshlayapti. Yurtimizda to‘y-hashamlar, boshqa tadbirlar ixcham, kamchiqim o‘tkazilmoqda. Elimiz nima zararu, nima foyda ekanligini anglab yetmoqda. Bunda sizga o‘xshagan nuroniy otaxonu, muhtarama onaxonlarimiz yoshlarimizga maslahatgo‘y, ibrat ko‘rsatsalar hayotimiz, to‘ylarimiz yanada go‘zal bo‘ladi.

- Aql-hushi joyida, sog‘lom, kuch-quvvatga to‘la odamlar, ayniqsa, yoshlarimiz, inshoalloh bunday tartibsizliklarga yo‘l qo‘ymaydi. Ana shunda erman degan so‘zni gapirishga haqli bo‘ladi. Orli, nomusli xalqmiz axir, bolam, bunday shahdli insonlarni doimo duo qilganimiz bo‘lsin.

Azim QODIROV.