Yolg‘izlikda 400 kun

Salvadorlik baliqchi 13 oy davomida okeanda kezib, omon qoldi.

U baliq ovlashga chiqib bir kunda qaytmoqchi edi, biroq bir yildan ko‘proq vaqtga ochiq okeanda qolib ketdi. Qandaydir mo‘’jiza orqali tirik qolgan salvadorlik baliqchi qissasi Daniyel Defoning “Robinzon Kruzoning sarguzashtlari” romanini eslatishi mumkin. Faqat Xose Salvador Alvarenga 13 oyni odam oyog‘i yetmagan orolda emas, Tinch okeanida, yetti metrlik qayiq ichida o‘tkazdi.

37 yoshli erkak 2012 yilning dekabr oyida Meksikaning g‘arbiy sohilidagi portdan baliq ovlash sayohatiga chiqdi. Unga Iyezekiil ismli 15 yoshli dengizchi hamrohlik qilardi. To‘satdan qayiqning dvigateli ishdan chiqdi va oqim ularni Meksika qirg‘oqlaridan uzoqroqqa olib keta boshladi.

Ochiq okeanda chiqishdan to‘rt oy o‘tgach, o‘smir ochlikdan vafot etdi. O‘shanda Xose jurnalistlarga o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganini, biroq bunday qilishga jur’at eta olmaganini aytib berdi. Ochlik va tashnalikdan o‘lib qolmaslik uchun Alvarenga yalang‘och qo‘llari bilan tutgan baliqlar va toshbaqalarning qoni va yomg‘ir suvini to‘plab ichganini aytib berdi.

- Men vaqtda adashib qoldim va faqat kun bilan tunni farqlay olardim. Shu vaqt ichida men quruqlikni ko‘rmadim, ko‘z oldimda faqat okean turardi, - dedi lotin amerikalik kasalxonada Britaniyaning Telegraph nashriga bergan intervyusida.

Faqat 13 oy o‘tgach, Alvarenga yerni ko‘rib qoldi. “Men ovqatlanib olish uchun qushni otib o‘ldirgandim, to‘satdan daraxtlarni ko‘rib qoldim va “Xudoyim” deb baqirib yubordim.

Ma’lum bo‘lishicha, u Meksikadan 10 ming kilometr uzoqlikda joylashgan, hatto bu orollarning borligi haqida o‘zi bilmagan Marshall orollariga suzib ketgan. U yerdan esa baliqchi uni jurnalistlar kutib turgan poytaxtga olib ketilgan. Erkak faqat ispan tilida gapirgan va dastlab o‘zini meksikalik deb da’vo qilgan. Keyinchalik, u Salvadorda tug‘ilganligi  va Meksikaga ko‘chib o‘tganligi ma’lum bo‘lgan.

Salvador tashqi ishlar vazirligi Salvador va Meksika rasmiylari bu erkakni imkon qadar tezroq uyiga qaytarish borasida birgalikda harakat qilishlari lozimligi to‘g‘risidagi xabarni tarqatdi. Ushbu fuqaro aslida Meksikaning Chyapas shahrida yashagani tasdiqlandi va jurnalistlar baliqchining oilasini topishga muvaffaq bo‘lishdi. Ular esa ancha vaqtdan beri Xose to‘g‘risida hech nima bilmasligini, hatto u tirik bo‘lmaganligini ham istisno qilishganini aytishdi.

- Men o‘g‘limning tirikligini yuragim bilan his etardim, lekin umidimni uzgandim, dedi jurnalistlarga kutilmagan yangilikdan xursand bo‘lgan baliqchining onasi.

Xose hali bundan keyin nima qilishini bilmaydi, lekin uning ishonchi ikki narsaga komil: u qariguncha Salvadorning jannatiy Garita Palmerasida qoladi va boshqa hech qachon dengizga chiqmaydi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.