Yo‘llarda halokatlar soni kamaymayapti: Qanday choralar ko‘rilyapti, nima ishlar qilinyapti?

Xoh piyoda, xohi ulovda yo‘lga chiqdikmi, yo‘l harakati ishtirokchisiga aylanamiz. Ayrim fuqarolar piyodalar yo‘lakchalari yoki tunnel orqali o‘tish yo‘llari bo‘la turib, belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tishga urinadi. Va oqibati ayanchli yakunlangan holatlar ham bor.

Haydovchining aybi bilan sodir etilayotgan YTHga esa ko‘nikib borayotgandaymiz. Chunki keyingi 4 oyda viloyatimizda 69 kishi shunday hodisa qurboni bo‘lgan.

Fikrimizcha, bu yerda bir narsaga ehtiyoj tug‘ilyaptiki, aholi o‘rtasida yo‘l harakati qoidalari, unga rioya etilishi bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kuchaytirish kerak. O‘z navbatida, yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolarni ham joy-joyiga qo‘yish zarur. Chunki viloyat hududidagi jami avtomobil yo‘llari uzunligi 21904 kilometr. Shuningdek, 631 dona ko‘priklar ham borki, ularning barchasida sifat yaxshi, texnik-muhandislik ishlari zamon talabiga javob beradi, deb bo‘lmaydi.

Viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan anjumanda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Boyxo‘rozov bu haqda shunday dedi:

- Bu jarayonda har bir ishlanma va qaror yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi kerak. Joriy yilda viloyat hududidagi avtomobil yo‘llariga 772 dona yetishmaydigan yo‘l belgilari o‘rnatildi, 423 dona eskirgan yo‘l belgilari almashtirildi, 4 kilometr piyodalar va shuncha velosiped yo‘laklari qurildi, 12 kilometr piyodalar yo‘lagi ta’mirlanib, 10 ta joyda svetofor o‘rnatildi.

Oqibat yumshagani yutuq emas

Keyingi to‘rt oyda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ayrim turdagi yo‘l-transport hodisalari kamayishiga erishilgan. Xususan, bolalar ishtirokidagi YTHlari soni 11 taga (52-41), ularda halok bo‘lgan o‘g‘il-qizlar soni 5 taga (9-4), tan jarohati olgan bolalar soni 9 taga (46-37) kamaygan.

Qayd etilgan davrda YTH oqibatida halok bo‘lgan fuqarolar soni 1 taga (70-69), tan jarohati olgan fuqarolar soni 30 taga (244-214) kamaygan.

- Yo‘l-transport hodisalari keltirib chiqargan oqibatlar kamayishini yutug‘imiz, deb ayta olmaymiz, - dedi Sh.Boyxo‘rozov. – Chunki bitta transport hodisasi sodir bo‘lsa, uning oqibatida bir insonga zarar yetsa yoki bevaqt olamdan ko‘z yumsa ham bizlar uchun og‘riqli holat.

Yilning o‘tgan 4 oyida viloyat bo‘yicha 238 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 taga, o‘lim bilan bog‘liq YTHlari 6 taga, tan jarohati bilan bog‘liq YTHlari 21 taga oshgan.

Tahlillarga ko‘ra, sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining 112 tasi piyodalarni urib yuborish, 74 tasi to‘qnashuv va 18 tasi velosipedchini urib yuborishni tashkil etadi.

Eng ko‘p YTH - 104 tasi soat 16:00-24:00 gacha vaqt oralig‘ida sodir bo‘lgan.

Kelib chiqish sabablariga ko‘ra, belgilangan tezlikka rioya qilmaslik (57 ta), qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish (30 ta), piyodalarning qoidabuzarliklari (28 ta), piyodalar o‘tish joyida piyodaga yo‘l bermaslik (27 ta) qayd etilgan.

 

Munosabat o‘zgarmadi (mi?)

Vaziyat shu darajaga yetib kelgan bo‘lsa-da, mutasaddilar tomonidan yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish, buning ortidan fuqarolarning hayoti va mol-mulkini saqlashga qaratilgan aniq bir chora-tadbir aytilmadi. Lekin tegishli tashkilotlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga qisman to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, yo‘llarni saqlash qoidalarini buzgan hamda yo‘llarning qatnov qismida ta’mirlash ishlari olib borish jarayonida vaqtinchalik yo‘l belgilari va to‘siqlar o‘rnatib, harakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmaganligi uchun 11 nafar mansabdor shaxsga nisbatan MJtKning 147- va 196-moddalariga asosan ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Umuman, sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari tahliliga asosan viloyat hududidagi avtomobil yo‘llarida mavjud bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan yo‘l xo‘jaligi tashkilotlariga 75 ta, hududiy hokimliklarga 19 ta taqdimnomalar kiritilgan.

To‘g‘ri, ayrim yangiliklar ham yo‘q emas. Mutasaddilarning aytishicha, 54 ta chorrahada zamonaviy svetoforlar o‘rnatiladi. Ular deyarli barcha qoidabuzarliklarini qayd qilish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, yo‘l harakati xizmati patrul avtomobillari ham to‘rt tomondan tezlikni o‘lchaydigan vositalar bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, mutasaddi Samarqand shahrida avtoturargohlar bilan bog‘liq muammo haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, ayni paytda shaharning aksariyat ko‘chalarining bir tasmasi vaqtincha to‘xtash joyi vazifasini bajarmoqda. Yaqin kunlarda yo‘lning bu qismi avtobuslar uchun maxsus yo‘lakka aylatiriladi. Bu esa shu paytgacha turgan avtomobillarni ko‘p qavatli uylar va hovlilar orasidagi yo‘laklarga qo‘yilishi va yangi tashvishni keltirib chiqarishi tayin.

Jamoatchilik nazorati muhim

- Boshqa sohalar qatori, ayniqsa, yo‘l-transport sohasida jamoatchilik nazorati juda ham zarur deb hisoblayman, - deydi Sh.Boyxo‘rozov. - Negaki, viloyatimizda 464 443 ta avtomototransport vositalari mavjud.

Ta’bir joiz bo‘lsa, ularning har birini kuzatib yoki tartibga solib turishning jismoniy imkoniyati yo‘q. Bu bilan kasbiy mas’uliyatimizni yengillatmoqchi emasmiz. Zotan, xodimlarimiz tomonidan o‘tgan 4 oyda 105923 ta (1 nafar inspektorga 537 tadan to‘g‘ri keladi), qoidabuzarlik, aniqlandi.

Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan vakolat doirasida bo‘lgan 94349 ta ma’muriy bayonnomalar bo‘yicha huquqbuzarlardan 15 milliard 359 million so‘m miqdorida jarima undirildi.

Lekin yuqorida aytilganidek, bitta yo‘l-transport hodisasi kuzatilsa ham bu bizdan izlanish, faoliyatimizni takomillashtirishni talab etadi. Shu bois jamoatchi, ya’ni faol fuqarolarimiz o‘zlarining takliflarini berib, kamchilik hamda muammolar haqida bizni ogohlantirishsa, o‘sha hududlarga kerakli yo‘l-patrul xizmati inspektorlarini jalb qilib, masala yechimiga doir choralarni ko‘ramiz.

Yoki shu o‘rinda yana bir misolni aytib o‘tay. Yaqinda hali voyaga yetmagan o‘smir otasining avtomobilini boshqarib, jiddiy oqibatli yo‘l-transport hodisasini sodir etdi. Bungacha bir fuqaro 14 yoshli o‘g‘liga “Damas” boshqarishga ruxsat berilgani holati videotasvirini bizga yuborgandi. Tabiiyki, unga ko‘rilgan ma’muriy chora qayta bu ishga "qo‘l urmasligi"ga sabab bo‘ladi...

 O‘zaro hurmat yoki huquqiy madaniyat zarur

Muhokamalar davomida ayni shu masala takror-takror tilga olindi. Qayd etilganidek, aksariyat haydovchilarimizda bir-biriga yo‘l berish, hurmat ko‘rsatish, kutib turish yoki harakatlanish madaniyatining boshqa elementlaridan foydalanish kamyob hodisaga aylanib bormoqda.

Shu sabab bizda odatda yo‘l-transport hodisasida ikki tomon jabrlanadi. Biri qoidabuzar sifatida jarima to‘laydi, ikkinchisi uning kasriga qolgan bo‘ladi. Holatga boshqalarga nisbatan hurmatsizlik, bepisandlik qilgan haydovchi yoki piyoda sababchi bo‘lgan, ammo yo‘lida davom etgani ham ko‘p uchraydi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, transport vositalari haydovchilarining avariya holatini yuzaga keltirishi, ya’ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etishi tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bizningcha, bu haqda xalqimizga xolis, ishonchli va to‘g‘ri axborotni yetkazishimiz kerak. Ana shunda ayrim “shovvoz”larimiz yo‘llarda “manyovr” qilishdan, yo‘lning qatnov qismida to‘xtashdan oldin boshqalarni ham hurmat qilish haqida o‘ylab ko‘rishadi.

Xalqaro tajribadan ma’lum, yo‘llarda harakat qoidalarini buzganlarga nisbatan katta miqdordagi jarimalar belgilanishi yoki to‘liq zamonaviy vositalar o‘rnatilishi ham kutilgan natijani bermasligi mumkin. Shu bois ayni kunlarda viloyatdagi barcha maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida yo‘l harakati xavfsizligi sinflari tashkil qilinmoqda.

Yoqubjon Marqayev tayyorladi.