Yo‘lovchi mulohazasi: Jamoat transporti qachon tartibga olinadi?

Bugungi kunda avtobus haydovchilari orasida yo‘lovchilar bilan qo‘pol muomalada bo‘ladigan, yo‘lda telefonda gaplashadigan, boshqa mashinalar bilan kimo‘zarga «poyga» uyushtiradiganlari uchrab turibdi.

Ayrimlari bekat bo‘lmasa-da, yo‘lovchi olish maqsadida xohlagan joyga to‘xtaydi.  Bir kuni "M-2" yo‘nalishdagi avtobus haydovchisi Samarqand shahrining Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida boshqa bir avtobus bilan «poyga» uyushtirdi. Haydovchi mashinani o‘ng va chapga burib, yo‘lovchilarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Amir Temur ko‘chasiga kelgach, Davlat xizmatlari markazi binosi yaqinida yo‘l harakati qoidasini buzib, qarama-qarshi yo‘lga o‘tib, qarshisidan kelayotgan mashinalar yo‘liga chiqqan holda boshqa avtomashinalarni quvib oldinga o‘tib oldi. Kamiga haydovchi telefonda gaplashib ketyapti. Yo‘lovchilarning tanbehiga e’tibor ham qilmadi. Noto‘g‘ri harakat qilayotganini ta’kidlasak, «Ishlaring bo‘lmasin, quloqchin orqali gaplashyapman, ko‘zim yo‘lda», deydi.

Axir u yo‘lda ketayotib, telefonda gaplashish mumkin emasligini, qolaversa, 35-40 nafar yo‘lovchi hayoti bilan o‘ynashib bo‘lmasligini nahotki anglab yetmayotgan bo‘lsa?

Bekatlarda ba’zi bir yo‘nalishlardagi avtobuslarni 25-30 daqiqa kutib qolsangiz, ayrimlarida avtobus 10-15 daqiqa turib qoladi. Ayrim haydovchilar esa bekatlarga to‘xtamay o‘tib ketadi.

Avtobus salonida sigaret va nos chekadigan haydovchilar borligi ham sir emas.

Yoz kunlarining birida "M-2" yo‘nalishidagi avtobus Amir Temur ko‘chasida harakatlanib borayotib, keskin tormoz bergach, nafaqat tikka turganlar, balki o‘rindiqdagi yo‘lovchilar ham qalqib tushdi. Ayrimlar yiqildi ham.

«Nima bo‘ldi?», deb haydovchiga qaraganimizda u so‘kinib, «Yonimizda ketayotgan avtobus qisib yubordi», deya javob berdi. Har ikkala avtobus haydovchilari to‘xtab, bir-birini haqorat qila boshladi.

Jamoat transportida ko‘p yuradiganlar bunday holatlarga ko‘p guvoh bo‘lgan. Haydovchining telefonda gaplashishi, konduktorlarning yo‘lovchilar bilan gap talashishi, ularni haqorat qilishi, hatto yoqasidan ushlab tortishlari oddiy holga aylanib boryapti.

Avtobuslarda har kuni mana shunday ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘layotganini viloyat transport boshqarmasi yoki avtosaroylar rahbarlari bilmaydimi? Qachon avtobus haydovchilari maxsus kiyimda yo‘nalishga chiqadi? Pul terish uchun konduktor bolalar xizmatidan foydalanish qachon bartaraf etiladi? Balki ular 91-yo‘nalishda qatnovchi avtobuslar allaqachon o‘z muddatini o‘tab, texnik jihatdan yaroqsiz ahvolga kelib qolganligi haqida ham bilishmas?!.

Mo‘min QODIROV.