Yo‘nalish jadvalining oxirigacha bormaydigan haydovchilar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi

31 may kuni zarnews.uz kanalida “Avtobuslardagi asabbuzarliklarning adog‘i bormi?” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e’lon qilindi. Unda 52-shahar avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatuvchi avtotransport vositasining harakat jadvalini oxirigacha bajarmaganligi xususida so‘z yuritilgan.

Unda ko‘tarilgan muammolarning oldini olish maqsadida Samarqand viloyat transport boshqarmasining avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan nazorat qilish bo‘limi inspektorlari 31 may, 1 iyun kunlari viloyatda mavjud avtokorxonalarda bo‘lib, yo‘lovchi tashish faoliyatini olib borayotgan haydovchilar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib bordi. Targ‘ibot tadbirlarida yo‘lovchilardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qilish, avtobuslar harakatida belgilangan jadvaldan chiqmaslik, bekatlarda uzoq vaqt to‘xtalishlarga barham berish chora-tadbirlari belgilandi.

Shu bilan birga, joylarda avtobuslarning texnik va sanitar holati ko‘zdan kechirilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan avtokorxonalar rahbariyatidan tender talablariga to‘liq rioya etilishi talab qilindi.

Haydovchi va yo‘lovchilarning niqobda bo‘lishi, elektron to‘lov kartalari uchun validatorlarning mavjudligi, qaytimlarni o‘z vaqtida qaytarish, yo‘lovchilar bilan muloqotga kirishishda xushmuomalada bo‘lish kabi talablarni buzmasdan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish muhim ekanligi aytib o‘tildi.

Yo‘nalish jadvalini oxirigacha bajarmay yo‘lovchilarning jiddiy e’tirozlariga sababchi bo‘lgan 52-shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi, davlat raqami 30 478 FBA bo‘lgan avtotransport vositasi haydovchisi A.Abizovga “Aziz-Hilola avtotrans” MChJ rahbariyati tomonidan “hayfsan” berildi hamda yuqorida qayd etilgan holat takrorlanganda mehnat shartnomasi bekor qilinishi yuzasidan ogohlantirildi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.