Yopiq mavzu
Odatda shunday o‘ylaymiz. Aslida hech qachon yopiq mavzu bo‘lmaydi. Inson ongi ishlab turar ekan, tafakkur qiladi, oq-qora, yaxshi-yomonni farqlaydi. Demak, qaysidir ma’noda o‘zingizni (tilingizni) jilovlashingiz mumkin, ammo aqlga, xayolga chegara qo‘yolmaysiz.
O‘TMIShDAN ERTAKLAR...
O‘tmish bizga ba’zan ertak bo‘lib ko‘rinadi. Kechagi kunimizni qoralashni, cho‘pchakka chiqarishni boplaymiz. O‘sha paytda tilimizni tiyganimizni, qo‘rqoqligimizni ming xil uslubda oqlash payida bo‘lamiz. Ammo bugungi oqlovlarimiz ham ertaga ertakka aylanadi.
YaNGI TARIX
Gulnora Karimova. Bu nomni o‘quvchiga qaytadan tanishtirishning hojati yo‘q. U juda yaqin tariximizda malika edi. Barcha yaxshi tashabbuslar uning nomi bilan bog‘lanardi. Xalqni, yoshlarni birlashtirishda, davlatimizning jahon mamlakatlari oldidagi qiyofasini yaratishda qaysidir ma’noda uning roli bo‘ldi. Bugun millionlab qahrli nigohlar uning sha’niga qaratilgan bo‘lsa-da, yelkama-yelka turgan san’atkorlarimiz (Gulnora Karimova madaniyat sohasiga alohida e’tibor bergani, targ‘ibotda ularning ko‘magidan foydalangani sir emas) bugun unga tosh ota boshladi. Sha’niga mag‘zava ag‘dardi, o‘g‘ri dedi.
Vaholanki, Gulnora Karimovaning kelgusi taqdiri haqida o‘z otasi, Birinchi Prezident qaror qabul qilib bo‘lgandi. O‘sha lahzalardayoq, opa haqidagi maqtovlar (“opa” deb murojaat qilish xalq ichida ommalashgandi) to‘xtadi. Noma’lum muddat haqoratlarga rasmiy ruxsat etilmadi (har qalay O‘zbekistondagi biror bir rasmiy manba u haqda salbiy fikr bildira olgani yo‘q).
Keyingi tarix hammamizning ko‘z oldimizda yozilyapti. Islom Karimov vafot etdi. Shundan so‘ng opa haqida “shivir-shivirlar” siza boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 2013 yil 24 oktyabrda “Terra Group” MChJ, “Prime Media” MChJ, “Gamma Promotion” MChJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini 2017 yilning ikkinchi yarmiga kelib ma’lum qildi. Keyin yana ko‘p-ko‘p narsalar oshkor bo‘laverdi.
Bu jarayonlarni kuzatish aslo zavqli emas.
Nega? Chunki Gulnora Karimova:
– O‘zbekiston va xorijda bir yarim mingdan oshiq har yillik loyihalarni tashkil etgan va o‘tkazgan “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi”ning tashkilotchisi va vasiysi;
– onalik va bolalik masalalariga doir xayr-saxovat bilan shug‘ullanuvchi “Ayollar yig‘ini” tashkiloti;
– sut bezi saratoni bo‘yicha “Hayot uchun” assotsiatsiyasi;
– viloyatlardagi fermer va tadbirkorlarga grant va imtiyozli kreditlar ajratuvchi “Mehr nuri” jamg‘armasi;
– “Kelajak ovozi” iste’dodli yoshlar tanlovi;
– “Asrlar sadosi” ko‘chma an’anaviy madaniyat festivali;
– “Art Wyeek Style.uz” loyihasi;
– “Oltin Gepard” xalqaro kinoforumi;
– “M&TVA” madaniyat va san’at tanlovi...
kabi yana ko‘plab tashabbuslarning muallifi edi. Ma’lumoti, karerasiga ham havas qilsa arzirdi.
Bu loyihalarga har yili minglab, millionlab insonlar qamrab olingan.
Inson eng zerikarli majlisga qatnashgandayam o‘ziga nimanidir “yuqtiradi”. Yuqoridagilarga esa deyarli ILOHIY LOYIHALAR sifatida qaraldi. Va hamma anglardiki, bu yaxshi ishlarning ortida OPA turibdi. Uning tadbirlariga qo‘shilgan, targ‘ibot qilgan yoshlar o‘zini go‘yo shaxsan Gulnora Karimovani ko‘rgan, topshirig‘ini olgan va shunga ko‘ra harakatlanayotganday tutardi. Oq futbolka kiyib biror marafonda yugurgan borki, opaga ma’naviy yaqin hisoblanardi. Bu gaplar kesatiq emas, albatta. Demoqchimizki, insonda mavjud kuchga, TUZUMGA E’TIQOD shunday shakllanadi. Bu jamiyatda odamlar kayfiyati, bugun va ertasini belgilaydigan omillardan biri.
Xullas, bir lahzada bularning hech biri qolmadi. Gulnora Karimovaning faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan odamlar, “ko‘tar-ko‘tar” qilganlar o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘ldi. Kechagi maddohlar birin-ketin OAVda o‘zini oqlab oldi (Doim shunday bo‘lgan!).
Har qanday vaziyatda ham targ‘ibotchiga aylanmaydigan qatlam bor. Bu – xalq. Xalq doim kuzatuvchi bo‘ladi.
Demak, kuzatuvchining ishonchiga yana putur yetdi. Ruhiyatiga ishonchsizlik, hafsalasizlik, aldanganga o‘xshash tuyg‘u sizib kirdi. Xalq, xalq tili bilan aytganda, “Hammasi bir go‘r!” dedi.
SAHNA DOIM ESKI BO‘LGAN, AMMO...
Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva joriy yilning aprel oyida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasining chet ellarda ijobiy imijini shakllantirish – PR-markaz vazifasi ijrosi, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar uchun mas’ul etib tayinlandi. Qisqacha qilib aytganda, agentlik raisiga o‘rinbosar bo‘ldi.
Bunga hech qanday e’tiroz yo‘q. Shoh ham, gado ham ishlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topish huquqiga ega.
Ammo, shundan keyin OAVda e’lon qilingan maqolalarga e’tibor qilaylik:
– Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirishga mas’ul bo‘ldi (Izoh: Vaholanki, o‘sha kuni boshqa o‘rinbosarlar ham tasdiqlangandi);
– Saida Mirziyoyeva: Amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Muammolar ham yetarlicha (Izoh: Maqolaga asos Mirziyoyevaning feysbukdagi sahifasida shunchaki, agentlikda qiladigan ishlarimiz, muammolar ko‘p, deb yozgani bo‘ldi);
– Saida Mirziyoyeva maktablarni Prezident tashabbuslari ijrosi o‘zagi sifatida belgilash haqida gapirdi (Izoh: Mirziyoyevaning Bo‘ka tumaniga borgani asos qilib olindi. Ushbu tumanga vazirlar ham boryapti, tashabbus haqida bevosita mutaxassislar qayta-qayta gapiryapti, lekin biz ularni eslab ham qolmaganmiz);
– Saida Mirziyoyeva Toshkent viloyatiga chiqib, loyihalar bilan tanishdi;
– Saida Mirziyoyeva: “Majburiy maktab formasi talab qilinishiga hali erta” (Izoh: Va tez orada Mirziyoyevaning shunchaki, ijtimoiy tarmoqda aytgan gapi tizim uchun qarorday yangradi. Majburiy maktab formasi noma’lum muddatga kechiktirildi);
– Saida Mirziyoyeva Savitskiy muzeyi direktorligini egallagan ekspert Tigran Mkrtichevga katta ishonch bildirdi (Izoh: !);
– Saida Mirziyoyeva aholini eng ko‘p tashvishga solayotgan 5 ta muammoni sanab o‘tdi;
– O‘zbekiston Prezidentining o‘g‘li va kuyovlari Dubay amirligi hokimi o‘g‘illarining to‘yida ishtirok etdi;
– Shahnoza Mirziyoyeva: “Orol inqirozidan jabr ko‘rgan mintaqaga samarali yordam ko‘rsatishimiz kerak” (Izoh: Shahnoza Mirziyoyeva – Maktabgacha ta’lim vazirligining maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari);
– Maktabgacha ta’lim vazirligi Suriyadan qaytgan bolalar uchun bayram uyushtirdi (Izoh: Ushbu xabarda vazir Agrippina Shinning o‘zi ham qatnashgan bo‘lsada, Shahnoza Mirziyoyeva asosiy o‘ringa chiqarib ko‘rsatildi. Uning fikrlaridan iqtibos keltirildi).
Anglashiladiki, biz, OAV mayog‘ini eski o‘zanidan chiqib, xolis suzishini ta’minlay olmayapmiz. Biryoqlamamiz. Yuqori lavozimdagi odamlarni yanada yuqoriga ko‘tarishdan tiyilolmayapmiz. Maddohligimiz, “ko‘tar-ko‘tar” qilishimiz hamon davom etyapti. Eski sahnaga yangi qahramonni chiqarishga urinyapmiz. Vaholanki, bu xayrixohligimizni, madhiyaga ishqibozligimizni Prezidentning qizlariga mutlaqo qizig‘i yo‘q! Qizig‘i bo‘lgandayam, foydasi yo‘q. Foydasi yo‘qligini, aksincha, juda jiddiy zarar keltirishini Gulnora Karimova misolida ko‘rdik.
OAVda mansabdor insonlarning oddiy gapini ham yangi qit’a kashf qilgandek bayroq qilib ko‘tarishimiz rosti, XALQNING G‘AShIGA TEGADI! Hafsalasini pir qiladi, ko‘ngli qoladi. Prezidentning qizlarini o‘z holiga qo‘yaylik, ishlasin, amalda o‘zini ko‘rsatsin, o‘zi bilan teng lavozimda bo‘lganlar bilan xolis bellashsin. Ommaviy axborot vositalari boshqa shu lavozimda ishlayotganlarga ham adolat bilan minbar ajratmas ekan, shubhasiz, SOXTA QAHRAMON yaratib qo‘yamiz. Odamlarning ko‘zi, qulog‘i o‘rganadi. Natijasi esa hammaga ma’lum. Yangi lavozimlar, imkoniyatlar eshigi ochiladi. Tabiiyki, bu tabiiy jarayon bo‘lmay qoladi.
Bundan tashqari, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga Prezident oilasiga daxldor insonlarning ismini qo‘yish ommalashdi. Dastlabki vaqtlarda aynan shu jarayon ham OAV uchun yangilik, o‘ziga xos xabar sifatida berib borildi. Mana, qisqa vaqtda bunday xabarlar o‘quvchini ham, odamlarni ham bezdirdi.
– Saida Mirziyoyeva faol hordiq chiqarayotgan o‘g‘lining suratlari bilan bo‘lishdi;
– Saida Mirziyoyeva qizi va uning sevimli ovunchog‘i aks etgan fotoni e’lon qildi.
Ikkinchi xabarda qizaloq atigi o‘zi yoqtirgan kuchukcha bilan suratga tushganini o‘qiymiz. Unda jonivorlarga g‘amxo‘rlik bolalikdan shakllanishi lozimligi aytiladi. Endi bunisi ortiqcha! Etika va mantiq chegaralaridan chiqish jarayoni boshlandi.
Xullas, biz odamlar ongiga Prezidentning qizlari FAQAT HAQIQATNI, HAQIQATNI GAPIRADI, degan tushunchani singdiryapmiz. Ularning kundalik hayotda qiladigan ishlari, ishlatadigan gaplarini IDEAL sifatida qabul qilyapmiz. OAVning vazifasi bu emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev jurnalistlar haqida gapirar ekan, “...har qanday murakkab sharoitda ham adolat tamoyiliga, o‘zining hayotiy va ijodiy prinsiplariga sodiq qolish, odamlarni qiynayotgan kamchilik va muammolarni dadillik bilan ko‘tarib chiqish, ularni bartaraf etish uchun jamoatchilik fikrini shakllantirishga, avvalo, sizlar kabi ma’naviy jasorat egalarigina qodir bo‘ladi”.
Afsuski, hozircha jasoratimiz faqat maqtovga yetyapti.
Isomiddin PO‘LATOV.
"Jomboy tongi" gazetasi.