Yorqin istiqbol bo‘sag‘asida

YaLANMAGAN  QAYMOQ

Yaqinda internet orqali amerikalik ikki yosh yigit – Dastin Moskovits hamda Eduardo Saverinning yangi kompyuter dasturi yaratib, shu orqali biri 3,5, ikkinchisi 2 milliard dollardan ziyod pul ishlab olganligi haqidagi maqolani o‘qib, to‘g‘risi, unchalik hayron bo‘lmadim. Nega desangiz, ayrim odamlar bu sohada izlanib, millioner-milliarder bo‘lib ketayotgani haqida kunda bo‘lmasa-da kun ora o‘qib, eshitib turibmiz. Zamonaviy yangi texnologiyalar yaratib boyib ketgan Bill Geyts, Mark Sukerberg va Ilon Mask singari bilimdon yosh ixtirochilarni bularga misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Meni boshqa narsa o‘ylantiradi. Ma’lum bo‘lishicha, mamlakatimizning asosiy qishloq xo‘jalik ekini – paxtadan olingan eng yuqori yillik daromad ikki milliard AQSh dollariga yetmas ekan. Ana endi o‘ylab ko‘ring: millionlab dehqonlar, fermerlar, mexanizatorlar, suvchilar, terimchilar, hatto, o‘qituvchilar, jurnalistlar, mediklar, ichki ishlar xodimlari, harbiylar, davlat xizmatchilari... qo‘yingki, O‘zbekistonda erta bahordan to kech kuzgacha “hamma paxtakor” bo‘lgan bir holatda, ikki kompyuterchi  yigitning aqliy quvvati samarasi butun boshli bir mamlakat qishloq xo‘jaligi daromadidan qariyb uch baravar ustunlik qilsa-ya?! Mana sizga bilimning kuchi – qudrati!

Shu o‘rinda, paxtadan yuz xil mahsulot olinishi, uning milliy boyligimiz va umuman, paxta ham oshimiz, ham nonimiz ekanligini aytib, menga e’tiroz bildirayotganingizni sezib turibman. To‘g‘ri, paxtaning bebaho mahsulot ekanligini, “oq oltinni oltin qo‘llar yaratishini” yaxshi bilaman. Chunki o‘zim ham garchand paxta ekilmaydigan tumanda yashasam-da, 14 yoshimdan 60 yoshimgacha terimda uzluksiz qatnashganman.  Biroq, men endi e’tiboringizni “oltin qo‘llar”dan ham qimmatliroq boyligimiz – “oltin miyalar”ga qaratmoqchiman. Chunki ular xuddi Qizilqum tillalari olis cho‘llardagi qumlar bag‘rida yashirinib yotganidek, befarqlik va loqaydligimiz oqibatida allaqaysi uzoq qishloqlar, shaharlarning katta-kichik ko‘chalarida kashshoflarini kutib yotibdi. Ammo ularni kim ro‘yobga chiqaradi?      

O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov “Kun.uz” internet nashri muxbiri savollariga javob berar ekan, iqtidorli bolalar hech qanday imtiyozga muhtoj emasligi, hayotda ular ertami-kechmi o‘z munosib o‘rinlarini topishlarini hayotiy misollar bilan isbotlab berdi. Eng muhimi, o‘shanday  o‘quvchi yoshlarga zamonaviy chuqur bilim berishda ekanligi alohida ta’kidlandi. Biroq, maktablarimiz yoshlarimizga zamon talabi darajasida ta’lim bera olyaptimi? Agar ta’lim bera olayotgan bo‘lsa, nega farzandlarimiz maktab bu yoqda qolib, repititorga chopayapti? Savollar ko‘p – javob kam. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan yillar mobaynida biz, shubhasiz, sezilarli yutuqlarga erishdik. Bu avvalo ta’lim muassasalarimiz moddiy-texnika bazasining mustahkamlanishida yaqqol ko‘rindi. Afsuski, maktabdagi asosiy hal qiluvchi kuch – muallim-ustozlar hamda o‘quvchi-shogirdlar jonsiz moddiy boyliklar, qog‘ozbozlik va buyruqbozlik soyasida qolib ketishdi. Mustaqillikning o‘sha dastlabki yillarida ta’lim tizimini rivojlantirishning muqobil yo‘llari, albatta bo‘lgan.

Mustaqil O‘zbekistonning eng birinchi qabul qilgan davlat hujjatlaridan biri “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun bo‘lganligi bilan hozirgacha haqli ravishda faxrlanamiz. O‘shanda bizni qonun loyihasiga nisbatan takliflar bilan chiqishga da’vat etishgandi. Hozirjavoblik bilan markaziy nashrlarga xat yo‘lladik. Takliflarimiz “Fikrlaringiz qaymog‘i” degan sarlavha ostida chop ham etildi. Afsuski, biz yo‘llagan nomalarimizdagi “qaymoqlar” qonunning birorta moddasida aks etmadi. Shunda o‘ylab qolasan kishi, takliflar inobatga olinmaydigan bo‘lsa, keraksiz muhokamalarni uyushtirish shartmi?

Yangi vazir xalq ta’limidagi islohotlar oppoq qog‘ozdagidek yangidan boshlanayotgani va bunga  aholining barcha qatlamlari, maktablar rahbarlari, jamoatchilik kengashlari keng jalb etilayotganligini ta’kidladi. Muhokamalarga ko‘pchilikning jalb etilgani yaxshi. Biroq, ta’lim sohasidagi muammolar yechimini oddiy aholi emas, balki shu tizimning ichida yurgan ziyolilargina ko‘rsatib bera olishlariga imonim komil. Zero, maqsadga erishuvning minglab yo‘llari bo‘lishi mumkin, ammo ulardan faqat bittasigina to‘g‘ri va eng qisqa yo‘l bo‘ladi. Qolganlari esa qachonlardir manzilga olib borar, biroq ungacha ko‘p narsa, eng yomoni – vaqt boy berilgan bo‘ladi. Bunga yigirma yetti yillik tariximiz yorqin misol.

     

EZGULIKNING  KEChI  YO‘Q

Xo‘sh, shuncha narsani yozib tashladingiz, takliflar bormi, deyishingiz mumkin. Albatta bor! Xalq ta’limini takomillashtirish haqidagi fikrlarni avval ham turli nashrlarda chop etilgan o‘nlab maqolalarda qayta-qayta yoritganman. Malaka oshirish kurslarida bo‘lganimda, takliflarimni vazirlik xodimlariga ham taqdim etgan edim. Biroq, hadeb tig‘ingiz toshga tegaverganidan keyin taklifga ham til aylanmas ekan. Shu ma’noda, ushbu bitiklarimni bu boradagi yana bitta urinish deya qabul qilishlarini istardim.

Xalq ta’limi vaziri Yaponiya erishgan yutuqlar haqida gapirib,  u yerda o‘qituvchilarga imperatordek hurmat ko‘rsatilgani, diplomatlardek daxlsiz etib qo‘yilgani va vazirlar singari oylik berilganini aytdi. Shu ma’noda, bizda ham o‘qituvchiga bo‘lgan e’tibor tubdan yaxshilanishi lozimligini ta’kidladi. Buning amaliy ijrosini hozirdanoq sezib turibmiz. Masalan, bu yil mehnat ta’tilida o‘qituvchilarni biror joyga hasharga chaqirishmadi. Paxtaga ham chiqarishmaydi deyishmoqda. Oylik maoshlarni ham sezilarli darajada oshirishdi va kelgusida yana ko‘paytirmoqchilar. Shubhasiz, bularning barchasi pedagoglarimizga qaratilayotgan e’tiborning nishonasidir. Biroq, vazirimiz to‘xtalib o‘tgan uchinchi masala sal nozikroq. O‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘sini ko‘tarishning eng ta’sirchan chorasi, shubhasiz, ularning oylik maoshlarini foiziga emas, martasiga ko‘paytirishdir. Albatta, oyliklarni ommaviy ravishda judayam yuqori ko‘tarishning iloji yo‘q. Buni biz ham tushunib, bilib turibmiz. Chunki, qariyb yarim millionlik jamoaning maoshini birdaniga keskin ko‘paytirishga davlat byudjetining quvvati yetmaydi. Bundagi eng maqbul yo‘l – birinchi navbatda, yaxshi ishlayotgan pedagoglarni rag‘batlantirish zarur. Aytaylik, respublikamiz maktablaridagi o‘qituvchilarining kichik bir qismi oliy toifali pedagoglar hisoblanadi. Kelajakda ularning maoshini bemalol ikki-uch baravarga ko‘tarish mumkin. Birinchi toifalilarnikini ellik, ikkinchilarnikini esa o‘ttiz yoki imkoniyatga qarab ko‘proq foizga oshirilsa yana-da maqsadga muvofiq bo‘lardi. Mutaxassis toifadagi pedagoglar haqida bir nima deya olmayman, buni maqolani o‘qish davomida o‘zingiz anglab olarsiz... Bu bilan birinchidan, adolat qaror topgan va ikkinchidan, pedagog xodimlar orasida sog‘lom raqobat muhiti vujudga kelgan bo‘lardi.   

Gap raqobat haqida ketar ekan, shunisi aniqki, hammani birdek savodli qilish mumkindir, lekin hammani birdek bilimli qilib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, maktablarning barchasini taroqning tishidek tekis qilib qo‘yish ham to‘g‘ri emas. Ular orasida, albatta, o‘quvchilarga chuqur bilim beradigan namunali elita maktablari bo‘lishi lozim. Masalan, besh-o‘nta maktab o‘rtasidagi bitta maktab namunali bo‘lishi shart.

Bu nima uchun kerak? Ma’lumki, hozirgi paytda salohiyatli pedagog kadrlarimiz maktablarimiz o‘rtasida sochilib ketgan. Ular o‘rtamiyona muhitga tushib qolgach, yillar davomida o‘zlari ham o‘tmaslashib, sharoitga moslashib qolishadi. Iqtidorli-iste’dodli o‘quvchilar ham xuddi shunday “o‘rta” maktablarda o‘rtamiyona darajaga tushadi. Bas, shunday ekan ularning har ikkalalarini alohida maktablarda bir-biri bilan yuzlashtirish kerak. Ana shunda mohir pedagoglar tahsilini olgan iqtidorli bolalar qanaqa natija ko‘rsatishini tomosha qilasiz. Ushbu maktablarda, iloji boricha, oliy toifali muallimlar o‘qitishi va a’lochi bolalar o‘qishi kerak. Yana iloji bo‘lsa, yon-atrofdagi maktab direktorlari jamg‘armasidagi ustama ish haqi va mukofot pullarini ham shu xildagi ta’lim muassasalariga berish kerak. Buning eng maqbul tomoni shundaki, akademik litsey hamda repititorga qatnashga sharoiti bo‘lmagan yoshlar ana shunaqa maktablarda sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bir so‘z bilan aytganda, birorta ham iqtidorli bola e’tibordan chetda qolmaydi. Bunday qoyilmaqom maktablarda ishlash istagi esa oddiy maktablardagi har bitta mutaxassis o‘qituvchini o‘z ustida ishlab,  malaka toifasini oshirib borishga undaydi. Namunali maktablar oddiy maktablar uchun lokomotiv vazifasini ham bajarishi mumkin. Chunki, keyingi yillarda kadrlar o‘chog‘i hisoblanmish maktablarimizning o‘zida kadrlar taqchilligi yuzaga kelmoqda. Bu holat, ayniqsa, qishloqlarimizda yaqqol sezilmoqda. Aslida, bu pedagoglik kasbining mavqei tushib ketayapti degani emas. O‘qituvchilik kasbini orzu qilib yurgan yoshlarimiz son mingta. Bundagi asosiy mushkullik  –  qishloqdagi yoshlarimiz oliy o‘quv yurtlarining qabul imtihoni talablari darajasida bilim to‘play olmayapti. O‘z kuchiga ishonmagan bitiruvchi test sinovlariga umuman yaqinlashmayapti. Axir, urinib behuda ovora bo‘lishni kim ham istaydi deysiz. Shu ma’noda, yuqoridagi aytganimiz – namunali maktablarning tashkil etilishi muallim bo‘lishga chog‘langan bilimga tashna  qishloq yoshlari uchun ham katta imkoniyat eshiklarini ochar edi deb o‘ylayman. Mamlakatni kadrlar bilan ta’minlash vazifasi yuklangan ta’lim muassasalarining o‘zi kadrga yolchimay yotishi mutlaqo toqat qilib bo‘lmaydigan holatdir.

 

DARDINI YaShIRSANG...

Bunday olib qaraganda, O‘zbekistondagi xalq ta’lim tizimi dunyo bo‘yicha g‘oyat noyob va balki, betakror hisoblanadi. Haqiqatan ham, jahonning  boshqa yana biror mamlakatida 11 yillik, ommaviy, bepul, majburiy, davlat tomonidan sifati to‘liq kafolatlanadigan ta’lim borligini, masalan, men bilmayman. Qaysidir bir joyda 11 yillik emas kamroq, yana qayerdadir 11 yillik, biroq pullik, boshqa bir mamlakatda esa faqat boshlang‘ich ta’lim bepul va majburiy, keyingisi ixtiyoriy yoki pullik... Xullas har bir joyda o‘ziga xos va o‘ziga mos shaklda. Hatto, Amerikadek qudratli davlatda ham bolalarning bir qismi maktabga tortilmay, savodsiz holda qolib ketar ekan. Janubiy Koreyadek boy mamlakatda esa ta’lim muassasalarinig yarmidan ko‘pi xususiy, ya’ni, pullik asosda faoliyat yuritadi. Xalq ta’limi vaziri xususiy ta’lim mussasalarining ko‘paya borishi davlat ta’lim tizimiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishini jonli misollar bilan dalillab berdi. Masalan, o‘sha Janubiy Koreya misolida oladigan bo‘lsak, ko‘plab ta’lim muassasalari xususiy bo‘lishiga qaramasdan, talabalarning intellektual saviyasi juda yuqori. To‘g‘ri, bizda ham xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘ladigan iqtidorli-iste’dodli yoshlarimiz bor. Ammo ularning ko‘pchiligida bilim darajasi haminqadar ekanligi ham katta sir emas.

 Yaqinda maktab direktorlaridan biri bo‘sh turgan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi vazifasiga ikkita oliy ma’lumotli yosh nomzod kelganligi, ular bilan suhbatlashib, bitta yaxshirog‘ini tanlab berishimni so‘radi. Suhbat asnosida shunisi ma’lum bo‘ldiki, sho‘rliklar ot – so‘z turkumidan olmoshni farqlay bilmadilar. Gap bo‘laklari haqida tuzukroq tushunchalari yo‘q. Men suhbatni uzoq cho‘zib o‘tirmadim. Shundoq ham ularning bilim saviyasi aniq ko‘rinib qoldi: ikkalasi ham bir-biridan battar.  Maktab o‘quvchisi bilishi lozim bo‘lgan oddiy  mavzulardan diplomli mutaxassislar bexabarligi ayrim oliy ta’lim muassasalari qanaqa botqoqqa botib qolganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi.  Men bu o‘rinda maktabni ham, o‘sha yosh muallimlarni ham hozir nomlarini keltirib mulzam qilmoqchi emasman. Faqat shunisini aytishim mumkinki, ular bitirgan bilim dargohlari respublika oliy ta’lim muassasalari reytingi ro‘yxatida “faxriy” oxirgi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Bunda balki, yuqorida aytilgan ona tili va adabiyot o‘qituvchilarining aybi bo‘lmasligi ham mumkin. Shu ma’noda, oliy o‘quv yurti o‘qituvchilarining bilim darajasi ham birrov sinovdan o‘tkazib qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘larmidi?!

Xizmat vazifasi yuzasidan men ingliz tilida gugurt nima deyilishini bilmagan xorijiy til o‘qituvchisi, koptokning hajmini aniqlashning uddasidan chiqa olmagan matematika muallimi, Quyoshda qanaqa kimyoviy elementlar mavjudligini bilmaydigan ximik, tranzistorni radio deb o‘ylaydigan fizik, fasllar almashinuvi sababining fahmiga yetolmagan tabiatshunos, okeanlar suvi nima uchun sho‘rligini tushuntirib bera olmagan geograf, tarjimai holini o‘zi o‘qitadigan rus tilida yozishni eplolmagan noshud “domla”larga avval ham duch kelganim bois til bilmaydigan “tilchilar”ning uquvsizligidan unchalik ham hayron bo‘lmadim. Taajjublanarlisi shundaki, ularning hammasida oliy ma’lumoti to‘g‘risida guvohnoma (diplom deyishga tilim bormaydi) bor.

Mening bu gaplarni yozishdan maqsadim kimnidir chaqib-chandib olish emas. Xalqimizda “Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”, degan naql bor. Har gal Toshkentga borganimda, nevaralarimning kundaliklaridagi “4-5” baholarini ko‘rib  rosa xursand bo‘laman. Yaqinda ular yozgi ta’tilda  qishloqqa kelishdi. Bir kuni yettinchi sinfda o‘qiydigan katta nevaramdan ko‘ylagimni dazmollab berishini so‘radim. Nevaram mendan dazmolning sozlagichini moslab berishimni iltimos qildi. Men “Sozlagichidagi yozuvga qarab, o‘zing moslashtirib ola qol”, dedim. Ming afsuski, u dazmoldagi inglizcha bitilgan  “ipak”, “paxta”, “jun” so‘zlarini o‘zbek tiliga tarjima qilolmas ekan. Men shunda kimdan xafa bo‘lishimni bilmay qoldim – nevaramdanmi, onasidanmi yoki o‘qituvchisidanmi?! Har holda, nevaram mendan qattiq dakki eshitdi. Balki, shu kuni uni noo‘rin urishgandirman...   

         O‘rni kelganida shuni qayd etib o‘tmoqchimanki, biz yuqorida tilga olib o‘tganimiz – Yaponiyadagi boshlang‘ich ta’lim muassasalarida kichkintoylarga tuflichasining ipini boylashdan tortib, tugma qadashgacha bo‘lgan 500 xil turli mayda-chuyda yumushlar o‘rgatilar ekan. Jumladan, dazmol bosish ham.

 

MING  BOLAGA  BIR  KITOB

Maktablarimizdagi darsliklar ta’minoti tartibi qaytadan ko‘rib chiqilishi ham g‘oyat dolzarb vazifa. Nega desangiz, o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlashning hozirgi tizimi mutlaqo yaroqsiz va tejamsiz. Aytaylik, har ikki-to‘rt yilda darsliklarni almashtirish judayam shart emas. Sifatli oppoq qog‘ozdan tayyorlangan kitoblar to‘rt yil emas, balki ko‘p-ko‘p yillar xizmat qilishi mumkin. Bunda faqat bitta shart bor: darslikning mazmuni ham sifatli bo‘lishi lozim. Darsliklar bilan ta’minlashning hozirgi amaldagi shakli ko‘proq noshirlar va makulaturachilarning manfaatlariga mos tushadi, xolos. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘p ezgu ishlarga sarf etilishi lozim bo‘lgan tonna-tonnalab qimmatbaho qog‘oz ochofat makulaturachilarning tegirmoniga tushmoqda.

Ba’zan o‘ylab qolaman, bevaqt “juvonmarg” qilinayotgan darsliklar o‘rnida qanchadan-qancha foydali qo‘llanmalar, badiiy kitoblar chop etish mumkin bo‘lardi. Bolalarning kitob o‘qimayotganligidan noliymiz. Aslida, ularnia o‘qishlari uchun yetarli kitoblar bilan ta’minlay olmayapmiz. Mamlakatimiz aholisining teng yarmi – yoshlardan iborat ekanligini e’tiborga olsak, demak, kitob do‘konlarining, kutubxonalarning teng yarmisi ularga mo‘ljallangan kitoblar bilan to‘lib turishi, adiblarimizning ham teng yarmi yoshlar uchun ijod qiladigan yozuvchi, shoir va dramaturglar bo‘lmog‘i lozim emasmi?! Afsuski, kitob do‘konlariga kirsangiz buning tamoman teskarisiga guvoh bo‘lasiz. Kattalar uchun mo‘ljallangan kitoblar tiqilib yotibdi. Bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallanganlari esa barmoq bilan sanarli darajada. Bunga  oddiy bir arifmetik misol keltiraylik: hozir bolalar uchun nashr qilinayotgan kitoblar ko‘pi bilan o‘n ming nusxada chop etilmoqda. Mamlakatimizda ham qariyb shuncha maktab borligini e’tiborga olsak, har bir maktabga bir donadan kitob to‘g‘ri keladi. Maktabda o‘rtacha taxminan mingta bola o‘qiydi deb hisoblasak, ming bolaga bir kitob bo‘lib chiqadi. Holbuki, bolalarga mo‘ljallangan badiiy kitoblarning aksariyati besh ming, uch ming,  ming, hatto, 500 nusxadangina bosib chiqarilmoqda. Bu kitoblar maktablar bo‘yicha taqsimlanganda, har bir o‘quvchiga qanchadan tegishini hisoblash o‘zingizga havola. Men kitob do‘konlari peshtaxtalarini Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Turg‘unboy G‘oyipov, Nosir Fozilov, Hamid Olimjon, Quddus Muhammadiy, Zafar Diyor, Qudrat Hikmat, Ilyos Muslim. Po‘lat Mo‘min, Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjon, Rustam Nazar, Hamza Imonberdiyev, Abdurahmon Akbar singari ustoz adiblarimizning va hozirgi paytda ham barakali ijod qilishda davom etib kelayotgan Xudoyberdi To‘xtaboyev, Miraziz A’zam, Habib Rahmat, Odil Abdurahmon, Vali Ahmadjon, Hamidulla Murodov, Ma’mur Qahhor, Qo‘zi Ismoil, Kavsar Turdiyeva, Nurillo Oston, Sodiqjon Inoyatov, Dilshod Rajabov, Zafar Isomiddinov, Ne’mat Dushayev, Erpo‘lat Baxt, Orif To‘xtash va Azamat Xudoyberganov kabi shoir va yozuvchilarning bolalarga atab yozgan kitoblari to‘ldirib turishini behad orzu qilaman. Bir adabiyotshunos olimimiz gazetada chiqish qilib, bolalar uchun ijod qiladigan qalamkashlarimiz kam ekanligidan shikoyat qildi. Aslida, bolalar uchun yozadigan ijodkorlar ko‘p, faqat, ularga e’tibor kamroq, desak to‘g‘riroq bo‘lardi. Jahon mumtoz bolalar adabiyotidan tarjima qilingan kitoblar ham tez-tez chop etib turilsa, bu boradagi bo‘shliq yana-da to‘ldirilgan bo‘lardi.

 Bolalar davriy nashrlarini olib ko‘radigan bo‘lsak, ahvol bundan-da ayanchli ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Kichkintoylarimizning eng sevimli jurnali “G‘uncha” 120 ming nusxada chop etiladi. Respublikamizda 6 – 11 yoshli bolalarning soni taxminan ikki milliondan ziyod. Ikki millionni 120 mingga taqsimlasak, 17 kichkintoyga bittagina jurnal tegar ekan. “Tong yulduzi” gazetasi 55 ming nusxa atrofida bosiladi. 12 – 16 yoshli o‘quvchilarimizning soni ham taxminan ikki milliondan ortiq. Demak, bu gazeta 36 o‘quvchiga bir donadan to‘g‘ri keladi. “Gulxan” jurnali 2017 yilda 43 ming nusxada chop etilgan. Ushbu jurnalimiz har 46 o‘quvchiga bir nusxadan tarqatilgan. Bu esa tuyani cho‘mich bilan sug‘organdek bir gap emasmi?! Holbuki, ushbu nashrlarning obunasi unchalik qimmat emas. Hayron qoldiradigan joyi shundaki, obro‘li va xususiy gazeta va jurnallardan farqli o‘laroq,  yuqorida nomlari keltirilgan o‘quvchi-yoshlarning respublika davriy nashrlari maktablarning obuna rejasiga kiritilmagan. Bolalarimizni fan-texnika yangiliklaridan xabardor qilib turuvchi ayrim nashrlarning bor-yo‘qligini esa bilib ham bo‘lmaydi. Bir vaqtlar biz – yuqori sinf o‘quvchilari “Fan va turmush” jurnaliga obuna bo‘lib, sevib mutolaa qilardik. Hozir yoshlarimizning ko‘pchiligi shunday jurnal borligini bilmasa ham kerag-ov. Ba’zan, bolalarimizning bilimsizligidan, dunyoqarashi torligidan, fikran yalqovligidan noliymiz. Ularning shunday ahvolga tushishiga, balki, biz kattalar – o‘zimiz sababchi bo‘layotgandirmiz?!

To‘g‘ri, bozor iqtisodiyoti, biznes, ishbilarmonlik deymiz, biroq jamiyatdagi siyosiy va iqtisodiy islohotlarni  chuqur bilim, yuksak ma’naviyatsiz yovvoyi usulda amalga oshirib bo‘lmasligini jahon mamlakatlari tajribasi yaqqol ko‘rsatib bermoqda.

 

                                                    SO‘NGGI  SO‘Z

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylangandan keyin, mustaqil mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimov tomonidan boshlab berilgan islohotlarini uzluksiz davom ettirib, xalq ta’limi tizimidagi muammolarni bartaraf qilish yo‘lida tinimsiz izlanmoqda. Ta’lim tizimining mukammalligi – farzandlarimizning kamoli bilan bevosita bog‘liq ekanligini yurtboshimiz ham chuqur anglab turgani bizning ko‘nglimizni to‘q qilmoqda. Ayni paytda maktablarimizda 6 milliondan ziyod bola ta’lim olmoqda ekan. Shu qorako‘zlar yurtimizning ertasi, istiqbolimizning egalaridirlar. Ular har jihatdan bilimli, yetuk bo‘lsalargina biz orzuimizdagi buyuk kelajakka erishamiz. Aynan shu maqsad yo‘lida ta’lim tizimi infrastrukturasi zamon talablariga muvofiq tubdan o‘zgartirilmoqda, ba’zi o‘rinlarda butunlay yangilanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Xalq ta’limi vazirligi  O‘zbekistonda eng muhim vazirlikka aylanmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, barcha sohalarda bo‘lganidek, xalq ta’limi tizimidagi muammolar yillar davomida yig‘ilib qolgan. Endi ularning hal qilinishi ham ko‘p yillik mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Shu ma’noda, vazir Sherzod Shermatov qayd etib o‘tganidek, hammamiz meniki-seniki demasdan, bir yoqadan bosh chiqarib ishlashimiz lozim. Yangi o‘quv yili boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Shu davr ichida pedagog xodimlar davr talabini chuqur his qilib, o‘z vazifalariga yangi nazar bilan yondashmoqlari lozim. Har birimiz o‘z zimmamizga yuklangan vazifani vijdonan bajarib, bolalarimizning yuksak ma’naviyatli, chuqur bilimli, keng fikrli, go‘zal odobli bo‘lib kamolga yetishlari uchun bor mahoratimizni ishga solib harakat qilsak, istiqbolimiz yana-da porloq bo‘lib boraveradi.

                                                                                Xudoyberdi KOMILOV,

                                                      O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.