Yosh dramaturglarni qo‘llash kerak!

Kattaqo‘rg‘on drama teatrida yosh dramaturg Sardor Hamroyevning "Qaytish" asari asosida shu nomdagi spektakl sahnalashtirilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Teatr rejissyori M.Mamadaliyeva tomonidan sahnalashtirilgan asarda yot g‘oyalarga berilgan, Prezident afvi tufayli uyiga qaytgan, tavba qilgan, biroq hamqishloqlarining munosabatidan keyin arosatda qolgan, yaxshi odamlar yordamida o‘z xatosini chuqur anglab yetgan yigit taqdiri haqida hikoya qilinadi.

Spektakl muhokamasida san’atshunoslik fanlari doktori Omonulla Rizayev, teatr faxriysi Abuaziz Hoshimov, "Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi Badriddin Nasriyev, jurnalistlar Farmon Toshev, Zohir To‘raqulov asar syujeti, aktyorlar mahorati xususida so‘z yuritdi.

Ijodiy jamoaga premeraga qadar kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berildi. Shu bilan birga yosh dramaturg va rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.

Botir TUGALOV.