Yosh fermerlar soha imkoniyatlarini o‘rgandi
"Fermer fermerga" tamoyili asosida birinchi bor tashkil etilgan seminarda institut o‘qituvchilari, yoshlar ittifoqi viloyat kengashi xodimlari, yosh fermerlar va talabalar ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi institutning bitiruvchi bosqich talabalari va yosh fermerlar o‘rtasida bog‘liqlikni shakllantirish, o‘quv amaliyotini talabalarning o‘zlari qiziqqan yo‘nalishdagi fermer xo‘jaliklarida o‘tash va bitiruv malakaviy ishini shu asosda yozishlariga qaratilgan. Qolaversa, viloyatimizdagi 446 nafar yosh fermerga o‘z mahsulotini xalqaro talablarga mos tarzda yetishtirish, xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va eksportni yo‘lga qo‘yish borasida ham tushuncha berildi.
– Hozirda fermerlarimiz bu borada kerakli bilim olish uchun qayerga yoki kimga murojaat qilish bo‘yicha axborotga ega emas, – deydi institut dotsenti Ibrohim Faniyev. – Sohaga oid o‘quv kurslarining yetarli emasligi ham kerakli bilim olishga to‘sqinlik qiladi. Buning uchun, avvalo, oliy o‘quv yurtlari qoshida fermerlar imtiyozli foydalanishi mumkin bo‘lgan qishloq xo‘jaligining barcha sohalarida ko‘mak bera oladigan konsalting markazlari tashkil etishimiz kerak.
Seminarda yosh fermerlar sohani rivojlantirish, xavfsiz va xaridorgir mahsulot yetishtirish va daromadlarni oshirish borasida zarur maslahatlar oldi.
– Xo‘jaligimiz 14,4 gektar yerda faoliyat yuritadi, – deydi Urgut tumanidagi "Suvonov Murodulla nurli dalasi" fermer xo‘jaligi boshlig‘i Otayor Suvonov. – O‘z mablag‘imiz hisobidan mahalliy, tezpishar va hosildor navli yong‘oq ko‘chatlarini ekdik. Bugungi seminarda fermer xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqliga aylantirish va uning afzalliklari bo‘yicha tushunchaga ega bo‘ldim.