Ellikka yaqin yosh jurnalistlarning maqolalari jamlangan kitob nashrdan chiqdi

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov tashabbusi bilan  Toshkentdagi “Ta’lim media” nashriyotida “Yosh yuraklar sadosi” kitobi nashr etildi.

“... E’tirof etish lozimki, hozirgi vaqtda mamlakatimiz media muhitida eski tuzum asoratlari va qoliplaridan holi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, chet tillarni puxta egallagan jurnalistlarning yangi avlodi o‘z o‘rnini egallamoqda.

  Ushbu kitob ham ana shu ezgu amallarning debochasidir. Unda yurtimizning ellikka yaqin yosh jurnalistining maqolalari berilgan bo‘lib, ularda yosh qalam ahliga xos hayotga toza nazar, odamlarning dardu tashvishlariga hamdard bo‘lish, o‘z ijodiy uslubini yaratishga bo‘lgan ishtiyoq va intilishi ko‘zga tashlanadi”, deya fikr bildiradi kitob so‘zboshisida ushbu loyiha rahbari Sa’dulla Hakimov.

   Kitobda ellikka yaqin yosh jurlanist va bo‘lg‘usi jurnalistlarning maqolalari jamlangan. Kitobni varaqlar ekansiz ularda navqiron qalam ahliga xos zukkolik, odamlarning dardu tashvishlariga hamdardlik, jamiyatda ro‘y berayotgan muammolar kuyunchaklik bilan bayon etilganini ko‘rasiz.

  To‘plamdan Samarqand jurnalistika maktabi vakillari O‘ktam Xudoyberdiyev, Isomiddin Po‘latov, Olim Sonniboyevning ham maqolalari o‘rin olgan.

O.NODIROV.