Yoshlar DXX rahbariga takliflarini bildirdi, muammolarini aytdi
Urgut tumanining olis hududida joylashgan «Do‘stlik» oromgohida DXX Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedov urgutlik yoshlar bilan uchrashdi.
Unda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i H.To‘xtayev, Urgut tumani sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot vakillari hamda murojaatlari bilan kelgan bir guruh yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab, A.Axmedov va tuman mutasaddilari urgutlik yosh tadbirkor va hunarmandlar tayyorlagan va yasagan mahsulotlari bilan tanishdi. So‘ngra ochiq muloqot boshlandi. Uchrashuvda yoshlarning muammolari tinglandi va aksariyati joyida hal qilindi.
Xususan, Uzunsoy mahallasining faol yoshlaridan biri, yosh sport murabbiyi Dilmurod Primovning erkin kurash bo‘yicha yoshlarning mashg‘ulot olib borishi uchun sport gilamlari olishda yordam berishni so‘rab qilgan murojaati joyida hal etildi.
Uchrashuv davomida "Omonqo‘ton" mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlaridan biri Mansur Sultonov tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida ekanini aytib, milliy an’ana va qadriyatlarimizni o‘zida aks ettiruvchi turistik markazni ochishda imtiyozli kredit asosida subsidiya ajratishda amaliy yordam so‘radi. Bu murojaat o‘rganilib, tezda hal etilishi aytildi.
"Qoratepa" MFYda istiqomat qilayotgan yoshlardan biri Shahrizoda Mirzayeva davlat xavfsizlik xizmati sohasiga qiziqishi yuqori ekanligini aytib, bu borada o‘qish va ishlash uchun kerakli ko‘rsatma va yordam berishlarini so‘rab, murojaat qildi. Sh.Mirzayevaning bu harakati rahbar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va tegishli tavsiyalarni berish uchun mutasaddilarga topshiriq berildi.
Shuningdek, uchrashuvda ayni paytda xorijda bo‘lib turgan bir guruh urgutlik yoshlarning masalalari ham eshitildi. Jumladan, Rossiyaning nufuzli universitetlaridan birida tahsil olayotgan M.Hakimov o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishda yordam so‘radi. Bu masalada mutasaddilar unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi belgilandi.
Uchrashuv so‘ngida taklif bildirish va murojaat yo‘llashda faol bo‘lgan bir qator yoshlarga rahbarlar tomonidan kitoblar jamlanmasi topshirildi.