Yoshlar festivali Paxtachida davom etyapti
Mana bir necha yildirki, mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida 30 iyun - Yoshlar kuni oldidan oylik va uning doirasida festival o‘tkazish an’anaga aylandi.
Bu yil viloyatimizda “Yangi O‘zbekiston – yoshlar mamlakati!” shiori ostidagi festivalni 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on tumani boshlab berdi. Festival bugun Paxtachida davom etyapti.
“Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” ommaviy yurish marafoni hamda tonggi badantarbiya mashg‘ulotlari bilan boshlangan tadbirlar tuman axborot kutubxona markazida kitobxonlik va mushoira kechasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi O‘lmas Samarqandiy ishtirokida ijodiy uchrashuv bilan davom etdi.
Bugun kun davomida turli madaniy-ma’rifiy kechalar, viktorinalar, tanlov va sport musobaqalari, faollarni taqdirlash marosimi hamda konsert dasturi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.