Yoshlar ishlari agentligi Paxtachi va Toyloq tuman bo‘limi rahbarlariga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi
Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.
Viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan tadbirda boshqarma tomonidan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash borasida yilning o‘tgan 3 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar va kelgusida rejalashtirilgan vazifalar xususida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, viloyatdagi mavjud 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 712 ming nafarga yaqin yigit-qizlar orasida xatlov o‘tkazilib, 654 ming 562 nafari haqida anketa so‘rovnomalari to‘ldirildi. Ular orasidan ishsizlik va boshqa muammolar qiynab kelayotgan 107 ming 976 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritildi. Hozirda ularning 17 ming 268 nafarining taklif va muammolariga yechim topilgan. 66 ming 55 nafar yosh esa daftar.mehnat.uz elektron platformasi ro‘yxatiga kiritildi.
- “Yoshlar daftari”ni shakllantirishda har bir tuman va shaharda maxsus ishchi guruhlar tuzildi, - deydi H.To‘xtayev. – Hech bir yosh e’tibordan chetda qolib ketmasligi, har bir hudud bo‘yicha muammosi mavjud yosh ro‘yxatga kiritilishi va ularning masalalariga yechim topish qat’iy nazoratga olindi. Bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan Yoshlar ishlari agentligi Paxtachi va Toyloq tuman bo‘limlari boshliqlariga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Viloyatning 64 hududida o‘tkazilgan “Sektor rahbari va yoshlar uchrashuvi”da kelib tushgan murojaatlarning 10 ming 82 tasi ijobiy hal etildi.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi viloyat filiali tomonidan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va istiqbolli rejalar asosida shaxsiy biznesni tashkil etishiga ko‘maklashish uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Shu yilning 3 mart kuni ilk bor kursni tamomlagan 20 nafar yoshga maxsus sertifikatlar topshirildi. Ularga “Mikrokreditbank” tomonidan 3 yil muddatga 33 million so‘mgacha bo‘lgan 14 foizlik imtiyozli kreditlar moliyalashtirilmoqda.
To‘lqin Siddiqov.