“Yoshlar ovozi – 2022”  ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahridagi yoshlar markazida yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida “Yoshlar ovozi – 2022” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. 

Unda tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan 127 nafar  yoshlar ishtirok etdi.

Tanlov 3 yosh toifasida, to‘rtta yo‘nalish – opera,  baxshichilik, an’anaviy ijro hamda estrada yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.

- Opera yo‘nalishi bo‘yicha qatnashyapman, - deydi tanlov ishtirokchisi Malika Akmaljonova. – Bugun tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. Ishonamanki, bu tanlov san’atda ko‘plab yosh iste’dodlarni kashf qiladi.

Tanlovning shaffofligini ta’minlash maqsadida ishtirokchilarni baholash uchun sohaning taniqli mutaxassislari va professor-o‘qituvchilar jalb qilindi. Ishtirokchilarning barchasi tinglandi va har bir qatnashchi iste’dodiga qarab baholandi.

Tanlov natijasiga ko‘ra, 32 ta ishtirokchi faxrli o‘rinlarni egalladi. 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan 10 nafar iste’dod egalari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichi yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.