Yoshlar oyligi: Hokimlar yoshlarga murojaat qildi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi hamda 30 iyun – “Yoshlar kuni” oldidan “Yoshlar oyligi” doirasidagi tadbirlar davom etmoqda. Samarqandning barcha shahar va tumanlarida “Hokimning yoshlarga murojaati” loyihasi taqdim etilyapti.
Bulung‘ur tumanida tuman hokimi Bahodir Bahromov ishtirokida tashkil etilgan tadbirda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan imkoniyatlar va bundan unumli foydalanayotgan yigit-qizlarning fan, ta’lim, sport, madaniyat sohalaridagi yutuqlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Tumanda joriy yilning o‘tgan davrida band bo‘lmagan 735 nafar yosh doimiy ishga joylashtirilgan. Tadbirkorlikka qiziqadigan 490 nafar yoshga esa 10 milliard 481 million so‘m miqdorida kredit ajratilgan. “1+1” loyihasi doirasida 93 nafar yigit-qiz tadbirkorlarga biriktirilgan. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 586 nafar yigit-qizga “Yoshlar jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan 870 million 150 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Hokim yutuqlar bilan birga muammo va kamchiliklar ham yo‘q emasligini ta’kidladi. Xususan, maktablarda ta’lim sifatini yaxshilashga, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichini oshirishga alohida e’tibor qaratish zarur. Shuning uchun turli tanlov va fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritadigan faol o‘quvchilarga “Hokim stipendiyasi” hamda ularga ko‘maklashgan o‘qituvchilarga har oyda 50 million so‘m ajratiladigan bo‘ldi.
Kattaqo‘rg‘on shahri, Urgut va Nurobod tumanlarida ham hokimlar yoshlarga murojaat qildi. Ular “E’tibordagilar” loyihasida ham ishtirok etib, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan yoshlar holidan xabar oldi.
To‘lqin Siddiqov.