“Yuksalish” harakati joylarda havo ifloslanishi oldini olish uchun nima qilish kerakligi haqida so‘rov o‘tkazdi
O‘zbekiston ko‘plab davlatlar singari aholi salomatligi va ekologik muvozanatga ta’sir ko‘rsatuvchi atmosfera havosining ifloslanishi muammosiga duch kelmoqda.
AQShning Havo sifati indeksi platformasi — IQ Air'da Toshkentdagi havo sifati darajasi 177 birlikka yetdi (17 yanvar holatiga). Bu atmosfera havosi miqdori yetarli emasligini, PM2.5 mayda dispers zarrachalari esa JSST tavsiya qilgan havo sifatining o‘rtacha yillik qiymatidan 21,3 baravar yuqoriligini anglatadi.
Mavjud vaziyat mamlakatimiz poytaxti va hududlarida havo ifloslanishining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo etmoqda.
“Yuksalish” harakati ekolog mutaxassislar o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, holatni yaxshilash bo‘yicha 10 ta birlamchi chora-tadbirlar takliflarini ishlab chiqdi. So‘rovda 34 nafar mutaxassis, shu jumladan tegishli vazirlik va qo‘mitalar, tadqiqotchilar, mahalliy ekofaollar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Respondentlarning aksariyati (80,7 foiz), birinchi galda, chang ko‘tarilishini kamaytirish uchun barcha ochiq maydonlarga daraxtlar va ko‘p yillik o‘tlarni ekish orqali “yashil belbog‘” yaratish kerak, deb hisoblaydi. Bunga qo‘shimcha sifatida ekilgan daraxtlarni doimiy parvarishlash, monitoring qilish, kesish holatlariga jazoni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
So‘ralgan ekologlarning 74,4 foizi shaharsozlik Bosh rejalari tasdiqlanmaguncha yangi, ayniqsa, ko‘p qavatli va noturar binolar qurilishiga moratoriy joriy etish, qurilishlarga faqat “yashil” standartlar doirasida ruxsat berish zarur, deb hisoblaydi.
Respondentlarning 70,1 foizi havoni ifloslantiruvchi omillar haqida aniq tushuncha va ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun maxsus uskunalar orqali ifloslantiruvchi manbalarni (korxona, zavod, issiqxona va hokazo) monitoring qilish kerak, degan fikrda. Bunda mas’ul idoralar va NNTlar vakillaridan iborat tezkor monitoring guruhini tuzish maqsadga muvofiqligi ta’kidlangan. Monitoringda asosiy urg‘u quyidagilarga qaratilishi tavsiya etiladi:
• ifloslanish darajasi, sabablari va tarkibini o‘rganish, uni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;
• natijalarini OAVda e’lon qilib borish;
• havoni ifloslantirishga sabab bo‘lgan korxonalarga ijobiy xulosalar yoki faoliyat yuritish uchun ruxsatnomalar bergan shaxslarni javobgarlikka tortish;
• qoidabuzarlarga jarima va jazo choralarini qo‘llash;
• havo sifatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Respondentlar, shuningdek, havoning ifloslanganlik holati haqida aholini xabardor qilish, zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar beriladigan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini o‘tkazishni aytgan (57,3 foiz). Axborot bilan ta’minlash tizimli, doimiy va ekolog mutaxassislarning ma’lumotlariga tayanilgan bo‘lishi kerak.
Ekspertlar barcha transport vositalarini, jumladan, traktor va texnikalarni rejadan tashqari texnik ko‘rikdan o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlagan (53 foiz). Ular nosoz uskunalardan foydalanishni taqiqlashni yoqlagan.
Mutaxassislar, shuningdek, ijtimoiy-ahamiyatli ob’yektlarda (maktab, bog‘cha, shifoxona va hk.) havoni tozalovchi tizimlarni o‘rnatishni (50,6 foiz) hamda ish beruvchilarga bino va ofislar ichkarisida havoni tozalash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni ham tavsiya etgan (42,1 foiz).
Respondentlarga ko‘ra, vaqtinchalik chora sifatida namlikni oshirish uchun yerosti suvlaridan foydalangan holda favvoralar sonini ko‘paytirish zarur (25 foiz). Ayrimlarining fikricha, mo‘’tadil mikroiqlimni ta’minlash va havo sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish uchun sun’iy suv havzalarini yaratish ham samarali choralardan biri.
So‘rovda qatnashgan ekspertlarning 19,3 foizi ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan kunlarda aholi orasida tibbiy niqob taqish zarurligi to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish kerak, deb hisoblaydi.
Shuningdek, so‘ralganlarning 18 foizi qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, ishlab chiqarish, omborlarda yong‘inning oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish kerakligini ta’kidlagan. Chunki dala va o‘rmonlarda, xavfli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborlarda sodir bo‘ladigan yong‘inlardan havo sifatiga hamda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi zaharli tutun va kul tarqalishi mumkin.