YUNESKO Bosh direktori Samarqandga keldi
Ertaga Samarqand shahrida “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolari va ularni hal qilish strategiyasi” mavzusida xalqaro konferensiya hamda “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi o‘tkaziladi.
Mazkur tadbirlarda ishtirok etish uchun 25 avgust kuni Samarqandga BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO) Bosh direktori Odri Azule xonim tashrif buyurdi.
Yuqori martabali mehmonni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘ribosari A.Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va boshqa rasmiy kishilar kutib oldi.
YuNESKO BMTning 17 ta ixtisoslashgan muassasalaridan biri bo‘lib, 1945 yil 16 noyabrda tuzilgan. Tashkilotning bosh qarorgohi Parij shahrida joylashgan. Bugungi kunda YuNESKOga 195 mamlakat a’zo. O‘zbekiston tashkilotga 1993 yil 26 oktyabrda a’zo bo‘lgan.
O‘zbekiston bilan ushbu tashkilotning hamkorligi izchil rivojlanmoqda. Mamlakatimiz YuNESKO Ijroiya kengashi tarkibiga ikki marta saylangan.
Samarqandda ertaga o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya hamda “Sharq taronalari” musiqa festivali ham YuNESKO shafeligida tashkil etilmoqda.