YUNESKO Bosh direktori: "Shohi Zinda majmuasi hamon o‘zining tarixiy qiyofasi, ruhi va ma’naviy qimmatini yo‘qotmagan"
YUNESKOning yangi saylangan Bosh direktori Xolid Ahmad al-Ananiy Samarqanddagi madaniy meros ob’yektlarida bo‘ldi.
Jumladan, Shohi Zinda majmuasi bilan tanishib, bu yerdagi madaniy meros ob’yektlarining jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni, ularni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish yuzasidan fikrlarini bildirdi.
– Samarqand nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo tarixiy-madaniy merosining yuragi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi Xolid Ahmad al-Ananiy. – Chunki uning tarixiyligi, ilm-ma’rifat va ma’naviyat o‘chog‘i bo‘lgani, hozirgi kunda ham jahon hamjamiyati diqqat markazida ekani fikrimizning tasdig‘idir. Misol uchun, Shohi Zinda haqida kitoblarda o‘qiganman, suratlar orqali tanishman, biroq bu tarixiy majmuani o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, uni qaytadan kashf qildim. Majmuadagi har bir betakror naqsh va bezaklar o‘z davrida hududda xattotlik va me’morlik san’ati rivojlanganini ko‘rsatadi va yodgorlikning ahamiyatini yanada oshiradi.
Obidani ziyorat qilish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan sayyohlar bilan suhbatlashar ekanman, Samarqandning global madaniy markaz sifatidagi o‘rni oshib borayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim. Yodgorlik kelajak avlodga o‘zining tarixiy qiyofasi, ruhi va ma’naviy qimmati saqlangan holda yetkazilayotgani esa O‘zbekistonda, xususan, Samarqandda madaniy meros ob’yektlariga bo‘lgan hurmat va e’tiborning amaliy ifodasidir.
Samariddin Mirzayev,
Shohi Zinda majmuasi rahbari.