Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yangi tizimi

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabr kuni qabul qilingan “Yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori yana bir bor yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini mustahkamlashga qaratilgani bilan ajralib turadi.

Avvallari Adliya vazirligi qoshidagi yuristlar malakasini oshirish markazi adliya organlari va muassasalari, advokatlar, notariuslar, FHDYo organlari xodimlarini, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlarini (yuriskonsultlarini) qayta tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan davlat ta’lim muassasasi sifatida faoliyat olib borgan bo‘lsa, yangi qaror bilan joriy yilning sentyabr oyidan boshlab Markaz yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha ta’lim muassasa sifatida ish olib boradi.

Qaror bilan yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat ta’lim talablari va yuristlar malakasini oshirish markazida qayta tayyorlash va malaka oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Davlat ta’lim talablarida yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini, o‘quv jarayonini tashkil etish, ta’lim sifatini nazorat qilish hamda baholashga qo‘yiladigan talablar nazarda tutilgan.

Nizomda qayta tayyorlash va malaka oshirish, jumladan, qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish, qayta tayyorlash va malaka oshirish shakllari, kredit-modul tizimi va masofaviy ta’lim bo‘yicha malaka oshirishni tashkil etish, shuningdek, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarining huquq va majburiyatlari nazarda tutilgan.

Markazda yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan kasbiy malaka talablari Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. O‘qitish davomiyligi qayta tayyorlash kurslarida to‘rt oy (576 soat)ni, malaka oshirish kurslarida esa ikki hafta (72 soat)ni tashkil etadi. Lekin bu qat’iy talablardan tashqari, qisqa kurslar ham tashkil etilishi yo‘lga qo‘yiladi. Shunga ko‘ra, qarorda davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalariga zaruratga qarab o‘z kadrlarining huquqiy bilimlarini oshirish uchun doimiy ravishda tegishli mutaxassislarni markazga malaka oshirishga yo‘naltirib turish vazifasi yuklandi.

Markazda malaka oshirish kursi bitiruvchilariga elektron sertifikatlar berish amaliyotini joriy etish maqsadida noyob identifikatsiya raqami va QR-kod hamda himoya elementlarini nazarda tutuvchi “Elektron sertifikatlar repozitoriysi” tizimi va dasturiy ta’minoti yaratiladi.

Qaror bilan yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining ustuvor vazifalari belgilab berildi. Bundan keyin kasbiy ehtiyojlardan kelib chiqqan holda kadrlarning malakasini oshirish yoki ularni qayta tayyorlash maqsadida buyurtmachi tashkilotlar malaka oshirish shakllarini o‘zlari mustaqil tanlaydi. Buning uchun buyurtmachilar malaka oshirish yo‘nalishi mavzulari va o‘quv dasturlarini markaz bilan birgalikda ishlab chiqadi. Shuningdek, o‘qitish muddatlari ham belgilanadi, ya’ni malaka oshirishning davriyligi aniqlab olinadi.

Amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarning ko‘lami, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning hajmi, huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligiga erishish malaka oshirish yoki qayta tayyorlash tizimini uzluksiz va muntazam amalga oshirishni talab etadi. Shunga ko‘ra, sohaga oid kadrlar bilim va ko‘nikmalarini doimiy takomillashtirish maqsadida kredit-modul mexanizmi joriy qilinishi asosiy yangiliklardan hisoblanadi.

Agarda, muqaddam yuridik kadrlar qonunchilikda belgilanganidek har uch yilda bir marta malaka oshirishdan o‘tgan bo‘lsa, endi malaka oshirayotganlarga bu talab majburiy emas. Kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi faoliyatini tashkil qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Bunda malaka oshirish istagida bo‘lgan xodim markaz tomonidan e’lon qilib boriladigan o‘quv dasturlari va malaka oshirish yo‘nalishlarini mustaqil tanlaydi.

Har bir o‘quv dasturi yoki aniq mavzular bo‘yicha malaka oshirishda ishtirok etgan xodim erishgan natijalari bo‘yicha tegishli ball yig‘ib boradi. Malaka oshirishga qaratilgan turli tadbirlar – seminar-trening, o‘quv kursi va boshqalar natijasida yetarli ball to‘plansa, xodimning faoliyati ma’lum o‘quv dasturi bo‘yicha malaka oshirgan, deb e’tirof etiladi hamda unga tegishli sertifikat beriladi. Xodimga qonunchilikda belgilangan muddatda keyingi malaka oshirishi talab etilmaydi, berilgan hujjat uch yil mobaynida amalda bo‘ladi.

Xodimning tizimli va muntazam malaka oshirish bilan bog‘liq jarayonlari monitoring qilinadi va yagona ma’lumotlar bazasi - elektron platformaga kiritib boriladi. Shu tariqa mamlakat miqyosida yuridik sohaga oid malakasini oshirgan mutaxassislarning yagona elektron bazasi shakllanadi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashda rivojlangan davlatlarda o‘zini oqlagan zamonaviy ta’lim mexanizmlarining izchil joriy etilishi sohaga oid kadrlarning o‘z vaqtida va mustaqil ravishda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda islohotlar bilan qadamma-qadam borishini ta’minlaydi.

Boboqul TOShEV,

yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori.