Yurt qadrini ulug‘lar oshiradi
Nurotaning Chashma qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Suyundiq Mustafo Nurotaiy juda katta ijodiy yo‘lni bosib o‘tgan. Ayniqsa, taniqli olim Najmiddin Komilovga shogird tushgach, u kishining o‘giti, maslahati va duolari bilan buyuk allomalarimiz ma’naviyatlariga bag‘ishlab 20 dan ortiq kitob va risola yozdi.
Yaqinda 70 yoshga to‘lgan va hozirda Toshkentda istiqomat qilayotgan ma’rifatli otaxon bizga “Kimki sodiq erur, topur maqsad” nomli essesini yuboribdi. Unda Samarqand va Buxoro zaminida yashab o‘tgan allomalar merosi tahlil etiladi. Ramazon kunlarida biz ana shu maqolani navbati bilan sizlarga havola etmoqchimiz.
Qadimiy Ko‘hak – Zarafshon daryosi Turonzaminning ikki munavvar sarhadini ob-hayot bilan bog‘lab turadi. Bu mushtaraklik Hofizning ta’rif-u izhorida:
Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast,
Buxoro quvvati islomi din ast»,
bo‘lib jaranglashi zamirida bir olam mazmun va ma’no, sir-u sinoat bor. Aslida islom ma’rifatining yog‘dusi, nuri bor. Bu haqiqatni Zarafshon barobarida Imom Buxoriy misollarida to‘la idrok etish mumkin.
Ulug‘ muhaddis Allohdan kurai zaminning islom ahliga nasib etgan bir inoyatiki, bu zotni o‘zlariday yana bir siymo bilan qiyoslashga qiyos yo‘q. Barakotlaridan Buxoro-yu Samarqand nash’u namo topib, fayzu futuhi islom olamini yoritib turibdi. Bahralaridan asrlar osha olim-u ulamolar kamolga yetmoqda. Shuning uchun ham men bu ulug‘ siymoni Zarafshon daryosiga qiyoslayman.
Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim Bardazbeh al-Buxoriy (810-871) ning quvvai hafizalariga yuz mingta sahih va ikki yuz mingta sahih emas hadis jo bo‘lgan. Shuning uchun ham Yah’yo ibn Ja’far Buxoriyga oid voqeliklarni bayonlashda hayratdan «U Allohning yer yuzida yurgan bandalaridan bir banda!» demaganlar, balki «...Allohning yer yuzida yurgan belgilaridan bir belgidir!» degan ekanlar. Chunki, bu miqdorni xotiraga va shu barobarida butun tafsilotlari bilan ko‘ksga joylamoqni bir insonga nisbat berishda tasavvurga sig‘maydi. U Allohning qudratidan ravshan bir belgi ekanligi – bu haq rost!
Bu haqda xo‘p va ko‘p gapirish mumkin va islom olamining yana ikki buyuk allomasi - Imom Abu Mansur al-Moturidiy, tengsiz «Hidoya»ning muallifi Shayx Abu Nasr Marg‘inoniy kabi yana o‘nlab siymolarning tabarruk izlari Samarqand zaminida ekanligi davomga va qo‘shimcha izohga hojat qoldirmas.
Buxoro... Bu diyor qol va hol ilmlarida ulug‘ martaba kasb etgan avliyolar, olim-u ulamolar yurti. Ular jumlasiga islom olamida ilm salohiyati bilan "Kabir" (Buyuk), sohibi karomat sifatlari sabab "Hojatbaror", sharofatlaridan Buxoroi sharif "Qubbatul islom" unvonini olgan Abu Hafs Ahmad ibn Hafs az-Zirakon Abdulloh al-Buxoriy (milodiy 767–832)ni, mashhuri jahon yetti pir: Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisu sirrihu – Xojai Jahon (1103-1179 ), Xoja Muhammad Orif ar-Revgariy quddisu sirrihu (vafoti 1259 yil), Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy quddisu sirrihu (vafoti 1286 yil), Xoja Ali Romitoniy quddisu sirrihu (vafotlari “Rashahot”da 1310, “Maqomati Shohi Naqshband”da 1321 yil), Xoja Muhammad Boboyi Samosiy quddisu sirrihu (manbalarda vafotlari sanasi ikki xil: 1340 va 1354 yillar), Sayyid Amir Kulol quddisu sirrihu (taxminan milodiy 1288-1371), Hazrati Sayyid Muhammad Bahoul-haq val-millat vad-dunyo ud-din Naqshband ibn Sayyid Jaloliddin - Bahouddin Naqshband hazratlari (1318-1389)ni yod etish fikrimizning chunon tasdig‘idir.
Aslida bu azizlar kabi siymolarni ro‘yxat etsak, necha jild daftarlar to‘lar. Shukrona bilan muxtasar aytar so‘zimiz shulki, ular jamligidan Zarafshon bahr (dengiz)ga aylandi, zamonlar va siyosatlar ne tarz o‘zgarsin, o‘zgarmasin yangi daryoi darg‘alar qo‘shilib oqaverdi. Ahmad ibn Mahmud Buxoriyning “Tarixi mullozoda” asarida (XIV asr oxiri, XV asr boshlari)da shunday izhor bor:
“Sayyid Ahmad “Qandiya”da keltirubdurki, 80 marotaba manbalarda topdimki, buyuribdilar: Movarounnahrda uchta muborak shahar bor. Bular Buxoro, Samarqand va Nur. Anas ibn Molik rivoyat qiladurki, Payg‘ambar (s.a.v) aytdilar: “Jayhunning narigi tomonida uchta muborak nurli shahar bor. Ularni Buxoro, Samarqand va Nur derlar...” (84-bet).
Albatta, yuqoridagi matnlar, isnodi va tarzi haqida fikr bildirish shu soha olimlariga havola. Biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, qo‘limiz bilan tutgan asl manbadan olib yozayotirmiz. E’tiboringizga uni bayon etishdan maqsad esa “muborak nurli” iborasiga hamda o‘z davrining yetuk allomasi Yoqut Hamaviy (milodiy 1179-1229)ning “Sug‘d sharqiy ellar orasida eng obod joydir. Oqar suvlari bor, daraxtlari ko‘p, iqlimi bahavo, odamlari mehmondo‘st va xushmuomala” hamda Qutayba ibn Muslimning (milodiy 669-715) hayratiga sabab bo‘lgan o‘lka (Sug‘d- Samarqand): “U yam-yashil bog‘u rog‘larga cho‘mgan bir osmon yanglig‘dir, qasrlari porloq yulduzlar monanddir, daryosi esa (falak uzra) Somon yo‘liga o‘xshaydi” degan ta’riflari donishlari ilmiyatiga ham ishora ekanligini eslatishdir.
Suyundiq Mustafo NUROTAIY.
(Davomi bor)