Yurtimizda 80 foizdan ortiqroq bemor to‘liq sog‘aygan va reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilgan
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 2620 bemor ro‘yxatga olingan. 2075 nafar, ya’ni 80 foizdan ortiqroq bemor to‘liq sog‘aygan va reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda davolanayotgan 525 bemordan 11 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.
Karantin tadbirlari davom etyapti. Karantin bekor qilingani haqida hech qanday ko‘rsatma bo‘lgani yo‘q. Demak, karantin tadbirlariga va berilgan imkoniyat – karantin tadbirlarini bosqichma-bosqich yumshatish talablariga to‘liq rioya etishimiz kerak. Agar biz haddan ortiq faollashib ketadigan, muloqotlarni oshirib yuboradigan, kasallik yuqish imkoniyatini yuzaga keltiradigan bo‘lsak, vaziyat yana jiddiylashib ketishiga sababchi bo‘lib qolishimiz mumkin.
Kasallikning ikkinchi to‘lqiniga ro‘baro‘ keladigan bo‘lsak, u paytda qo‘yiladigan talablar yanada qattiq va keskin bo‘ladi. Shuncha payt karantin tadbirlariga rioya etib, vaziyatni birmuncha barqarorlashtirdik. Hamjihatlikda harakatlarni davom ettirsak, kasallikni yengamiz va epidemik barqaror hududga aylanamiz.