Yuz yil yashashga dasturi bor ayol

 (Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kumush tola” xususiy korxonasi direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan pillachi Maryam Niyozova haqida ocherk)

Maryamxon kitob o‘qishga ham vaqt topadi. Odamga umid beradigan, yengilmaslikka chorlaydigan asarlarni o‘qishni yaxshi ko‘radi. U madad oladigan qahramonlar Bibixonim, Qurmonxon dodho, To‘maris momo, u sevib o‘qiydigan asarlarni Nodirabegim, Zulfiya, Halima Xudoyberdiyevalar yozgan. Albatta, ijod olamida daholar ko‘p, ularni kuchi yetguncha o‘qiydi. Kitoblar ichidan bobosining, momosining duolarini, ota-onasining nasihatlari davomini topib o‘qiydi.

Kattaqo‘rg‘on tumani maktab o‘quvchilari Maryamxon bilan uchrashishni istaydilar. Opa o‘zini jon qulog‘i bilan tinglaydigan, ko‘zlari yonib turgan yoshlarga jasoratning yo‘li haqida hikoya qilib beradi. U kirgan davralarga shiddat, orzu, zavq kirib keladi...

Maryamxonning otasi haydovchi(taksichi), onasi uy bekasi edi. Ular oilada o‘n uch farzand edi, besh qiz, sakkiz o‘g‘il. Otasi odamlarni manziliga yetkazib qo‘yib, topgan halol puli evaziga, onasi o‘n uch farzandini allalab, oq yuvib, oq tarashdan vaqt orttirib, pishiriqlar pishirib, bolalar kiyimlari tikib topgan, mashaqqatli mehnati evaziga oiladagi o‘n yetti jonni boqar edilar.

Keksalar Maryamni Niyozmamat (otasining otasi)bobosiga o‘xshatishadi. U kishi tadbirkor, tirishqoq, izlanuvchan, odamlarga mehribon edilar. Qatag‘on yillarida Kavkazga surgun qilingan.

Katta hovlida hech kim tinib turmas, hammaga ish topilar edi. Maryam maktabni bitirgach, Toshkent to‘qimachilik institutining “To‘qimachilik materialshunosligi” fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirdi. Tirishqoq, izlanishdan charchamaydigan qizni domlalari institutda olib qolishdi. Ikki yillik ilmiy izlanishlar davomida o‘zining yurtidagi paxta zavodiga amaliyot o‘tash uchun keldi-yu qaynoq mehnat quchog‘idan ayrilolmay qoldi.

Kattaqo‘rg‘on paxta zavodida o‘ttiz yil mehnat qildi, bo‘lim boshliqligidan direktor o‘rinbosarligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Katta jamoa uni hali beri nafaqaga qo‘yib yubormoqchi emas edi...

Maryamning qonida ishbilarmonligi uchun quloq bo‘lgan Niyozmamat bobosining armonlari, tashkilotchiligi kabi meros tuyg‘ular kezardi. Nafaqaga chiqib, turmush o‘rtog‘i Nomoz aka bilan gapni bir joyga qo‘ydi. “Kumush tola” korxonasiga asos soldi. Uyda boqilayotgan hamma mollarini, “Neksiya” mashinasini sotdi. 350 ming so‘m pul bilan ish boshladi. 2000 yilga bir hafta qolganda, hujjatlar tayyor bo‘ldi.

Dastlab, yetti-sakkiz kishi bilan ish boshladi. Maryam ularga rejalarini tushuntirdi, ishontirdi. Turmush o‘rtog‘i uskunalarni o‘rnatishda yordam berdi. Do‘stlar ancha oylar tekinga ham ishlab berishdi. Yagona transporti erining kajavali mototsikli qolgan edi.

Biznes-reja tuzib, davlatdan uch yil muddatga, 3 million so‘m kredit olishdi. Kreditni uzish paytida 15 million so‘m pulim bo‘ladi, dedi-yu gapidan o‘zi ham hayratga tushdi. 2003 yil BAAga 37 000 AQSh dollariga ipak tolasi sotildi. Ijaraga turgan binoni sotib olishdi. Salondan yangi «Neksiya»ni minib chiqishdi.

***

Maryam ko‘rinishidan jiddiy, vazmin ayolga o‘xshaydi. Ichidagi to‘fonlarni sezdirmaydi. Minbarlarda ham bosiqlik bilan gap boshlaydi-yu natijasini raqamlar bilan tugatadi.

Raqamlar bilan o‘quvchini zeriktirmoqchi emasmanu, aytmasam bo‘lmaydi-da. Bugunga kelib, “Kumush tola“ xususiy korxonasida 150 kishi mehnat qiladi. Besh ming kishi mavsumiy (bu yil yana ko‘payadi) ishlaydi. Shuncha oilaning yeyishga noni, kiyishga kiyimi bor degani bu! Ro‘zg‘orning kattaligini qarang! Oilada 17 nafar kishining bir dasturxonda jamlangan paytlarida bugungi ishlarga asos solingandir balki. U 2014 -2019 yillarda tuman va viloyat Kengashiga deputat bo‘lib saylandi. Xalqining dardiga darmon bo‘ldi.

Maryam Niyazova xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashib, ishlab chiqarilayotgan mahsulot eksportini ko‘paytirishga erishgan tadbirkor rahbar. U boshchiligida korxona 2017 yilda 580 ming AQSh dollari miqdorida, 2018 yil 1 million 630 ming, 2019 yil 1 million 934 ming dollarlik mahsulot eksport qildi. 2017 yil respublika “Tadbirkor ayol uyushmasi”ning “Eng yaxshi eksportyor ayol” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi darajali diplomi bilan taqdirlandi.

[Переслано от Akram Aka]

2019 yilda korxona tomonidan Qozoqovul qishlog‘i hududidagi sobiq ipak yigiruv sexi o‘rnida maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, savdo majmualari va 30 o‘rinli mehmonxona qurilib foydalanishga topshirildi.

Sir emas, pillachilik o‘z nufuzini yo‘qotib, tabiiy, ekologik toza, ipak tolalarga talab va e’tibor yo‘qolgan, odamlar sun’iy tolalardan to‘qilgan inson organizmi uchun zararli kiyimlarga o‘rgana boshlagan edi. Maryamxon kumush tolaning obro‘yini tikladi. Bor mablag‘ini tikdi. Mana natijalarni ko‘rib turibsiz. Bu korxonada aldov yo‘q, xiyonat yo‘q. Hamma ish ochiq-oydin, jamoaning ko‘z o‘ngida ro‘y beradi.

Maryamxon ishchilarini bolalarini qo‘riqlagan lochin kabi qattiq qo‘riqladi-yu ammo o‘zi bemorlanib qoldi. Odamlardan o‘n kunga uzoqlashdi. Kalavasining uchini yo‘qotib qo‘ygan ipakchiga o‘xshab qoldi, o‘ziyam. Odamlariga, yuksak g‘oyalariga jon tomirlari bilan ulangan ekan. Ishini, hammaslaklarini juda yaxshi ko‘rar ekan.

Goho, «Opa tuzalib ketdingizmi», degan qo‘ng‘iroqlar bo‘lib qoladi. «Tuzaldim, kasal bo‘lishga haqqim yo‘q, yana yuz yil yashashga dasturim bor», deydi jilmayib.

Aslida, uning barcha dasturlarini amalga oshirish uchun ming yillar ham yetmaydi. Qolaversa, o‘ziga o‘xshagan mehnatsevar farzandlari ham orzular yukini opa bilan teng yelkalashadi. Bir-biridan shirin yetti nafar nabiralari ongiga ham mehnatsevarlik, izlanish, ilm olish ruhi singdirilgan. Maryamxonning fikru g‘oyalarini bir nigohidan anglaydigan yordamchisi Rohilaxon Shomurodova hamisha yonida hoziru nozir.

Qad tiklayotgan imoratlarga yondosh yerda bir gektarlik issiqxona qurilmoqda. Erta-indin ishga tushaman deb turibdi.

– Necha marta qarz oldingiz, davlatdan.

– 14 yoki 15 marta bordir.

– Hammasini uzdingizmi?

– Hammasini uzdim.

– Qo‘rqmaysizmi, buncha katta miqdordagi qarzlardan?

– Qo‘rqmayman.

Rejalar aniq, yurak katta bo‘lsa, yigirma yil mobaynida davlatga, odamlarga kimligini isbotlab bergan bo‘lsa, nimadan qo‘rqadi, bu ayol! Maryamga, Fozil Zohiddan yod olgan misralarni aytib berdim:

Men yo‘lbarsdan qo‘rqmayman,

Chumolidan qo‘rqaman.

Aybim ne, ezding degan

Savolidan qo‘rqaman.

Odamiydan qo‘rqmayman,

Nokaslikdan qo‘rqaman.

Qo‘rqit meni, Xudoyim,

Qo‘rqmaslikdan qo‘rqaman.

– Mening ko‘nglimdagini topib yozibdilar, – dedi Maryamxon.

Ha, aytgancha, yangi boshqaruv binosining peshtoqiga Alisher Navoiyning hikmatli so‘zlari katta qilib, o‘chmaydigan qilib yozib qo‘ymoqchi:

Tuxum yerga tushib chechak bo‘ldi,

Qurt jondin kechib ipak bo‘ldi.

Lola tuxmicha g‘ayrating yo‘qmi,

Pilla qurticha himmating yo‘qmi?!

Men bundan ortiq nima ham derdim? Ko‘z o‘ngimizda jonidan kechib, kumush tolalar berayotgan oddiy ipak qurtining hayoti hammamiz uchun ibrat!

Xosiyat BOBOMURODOVA,

shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.