«ZAGS» karvoni ishtirokchilari 7 va 10 sutka qamoqda o‘tiradigan bo‘ldi
Joriy yilning 16 avgust kuni Samarqand shahar Sartepa maskani “Turkiston” ko‘chasidagi avtomobillar karvoni ko‘pchilikda xavotir uyg‘otdi.
Negaki, guruh-guruh bo‘lib, transport vositasi harakatini keskin o‘zgartirib, yo‘l harakati qoidalarini qasddan, qo‘pol ravishda buzayotgan bu haydovchilar qilayotgan amallari hech bir tartibga to‘g‘ri kelmasligini o‘ylab ham ko‘rishmadi. Yanayam ajablanarlisi, ular shovqin ko‘tarib, jamoat tartibini, bu orqali ko‘pchilikning halovatini buzdi...
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida bunday bebosh haydovchilar boshqargan avtomobillar Samarqand shahridagi avtomashinalar jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Avtomashinalar egalarining huquqbuzarliklari haqida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun Samarqand shahar ma’muriy sudiga yuborildi.
Sud «ZAGS» karvoni ishtirokchilarining xatti-harakatlarini mayda bezorilik, deb topdi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi deb belgilangan.
Samarqand shahar ma’muriy sudi 16 avgust kuni “Turkiston” ko‘chasidagi sodir etilgan holat ishtirokchilarining 2 nafariga 10 sutka, 9 nafariga esa 7 sutkadan qamoq jazosi belgiladi.
Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati.