Zahri qotil zanjirband etdi

Urgut tumanida yashovchi, giyohvand moddalar bilan savdo qilgan Luqmon Ibragimov, Abdusamad Xushvaqtov, Elbek To‘rayev, Orif Payziyev, Azim Mo‘minov va Elyor Hamroyevlar ham bu qilmishi jinoyat ekanini yaxshi bilardi. Bilsa-da, o‘z nafsini jilovlay olmay, el-yurt oldida boshlari egildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Elbek To‘rayev ko‘p yillardan buyon opiy giyohvand moddasini iste’mol qilib kelgan. Ammo bu zahri qotilning ozginasi ham falon pul. Hech qayerda ishlamaydigan, uch nafar farzandning otasi bo‘lgan bu kimsa, tabiiyki, buncha pulni topishi qiyin. Pul topishning ming yo‘lini axtargan Elbek oxiri ilojini topgandek bo‘ldi. Shunday kunlarning birida u tanishi Orifning oldiga bordi.
– Aka, menga 15 ming dollar qarz berib turing, – dedi.
– O‘n besh ming?! Bu katta pul-ku, nima qilasan buncha pulni?
– Kerak bo‘lib qoldi, tez kunda ortig‘i bilan qaytaraman, – dedi Elbek va gapni cho‘zmay maqsadga ko‘chdi. – Ikkita tanishim Tojikistonga "yuk" olib kelishga ketyapti. Shularga "zakaz" bermoqchiman. Qaytib kelgandan keyin pul evaziga 5 kilogramm "dori" beraman, rozimisiz?
Bu taklif Orifga ma’qul kelib, pulni berib yubordi. Elbek esa avval ham bir necha bor Tojikiston Respublikasiga borib, giyohvand moddalarni olib kelgan tanishlari Azim Mo‘minov va Farhod Umarovlarga pulni berib, opiy buyurtma qildi. Shu bilan birga u o‘zining "Damas" avtomashinasida bu ikkovlonni chegara hududi bo‘lgan Jodugarsoy qishlog‘igacha kuzatib qo‘ydi.
Oradan ikki kun o‘tib, Farhod unga qo‘ng‘ir
q qildi.

– Bugun Terak qishlog‘ida yashovchi Nasim o‘rtog‘imnikida gashtak bo‘lyapti. Kelsang, mehmon qilamiz, "sovg‘a"si bizdan, – dedi Farhod giyohvand moddani olib kelganiga ishora qilib.
– Ana tarozi, "yuk"ni tortib ol, – dedi Farhod Nasimning uyidan chiqib, qishloqning chetrog‘iga borib to‘xtagach. – 14 kilogramm 600 gramm. Ikki kilogrammini men olaman. Sotib, tirikchilik qilish uchun.

Shundan so‘ng Elbek qolgan giyohvand moddaning 4 kilogramm 600 grammini kelishilgandek, Orifga berdi. Qolgan 7 kilogramm 800 grammini sotish uchun uyiga yashirib qo‘ydi. 
Oradan uch kun o‘tib, Azim 3 kilogramm 600 gramm giyohvand moddani olib ketdi. Xullas, savdo avjiga chiqib, giyohvand moddani oluvchiyu sotuvchilarning safi kengayib boraverdi. Ularning safiga endi Luqmon, Abdusamad, Elyor ham qo‘shildi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Elbekning oshig‘i olchi bo‘ldi. Tojikiston Respublikasidan keltirilgan giyohvand moddalarni sotib, anchagina pul ishlab oldi. Tobora ishtahasi ochilib, pul, boylikka hirs qo‘ya boshlagan bu shovvoz Tojikistonga yana bir "ekspeditsiya"ni yuborishga qaror qildi. Bu safar ham Orif "homiy"lik qilib, 15 ming dollar berdi. Farhod va Azimga Elyor sherik bo‘lib, Tojikistonga yo‘l olishdi. Bu gal ham ular 14 kilogramm 600 gramm opiy giyohvand moddani olib kelishdi. Yana savdo avjiga chiqdi.
Ammo noqonuniy xatti-harakat qonun e’tiboridan chetda qolmadi. Mazkur jinoiy guruh a’zolarining qilmishlari fosh etildi.
So‘nggi pushaymon o‘zingga dushman, deganlaridek, sudlanuvchilar bugungi kunda qanchalar afsuslanmasin, qonunda belgilab qo‘yilgan jazolarni o‘tashga majburdir.

Rustam HAYITOV.