Zamonamizga mos, uyg‘oq arxitektura yaratish zarur

Arxitektura hamma vaqt insoniyatning moddiy-madaniy kechinmalaridan xabar beruvchi san’atning bir turi bo‘lib kelgan.

Arxeologlarimizning mashaqqatli izlanishlari tufayli me’morchilikning bir necha ming yillik qadimiy an’analari tadqiq etilmoqda. Jumladan, Surxondaryo vohasidagi "Sopollitepa" me’moriy yodgorligi arxitekturaning omma uchun nafaqat boshpana, balki tashqi hujumlardan saqlanish uchun ham aql bovar qilmaydigan strategik reja asosida qurilganligini ko‘rsatib, kishini hayratda qoldiradi. Uning tashqi tomoni 8 ta koridor qopqondan tashkil topishi har qanday xavf-xatarni bartaraf etish imkonini bergan. Bu esa  uzoq o‘tmishda  ham me’morlar bunday obidani avvaldan ishlab chiqilgan chizmalar asosida qurganliklaridan dalolat beradi.

Xorazmdagi Tuproq qal’a, Jonbos qal’a yoki Qo‘yqirilgan qal’alarni aytmaysizmi? Ularning nafaqat tarhi, balki umumiy kompozitsiyasi, konstruktiv asoslarining mukammalligi, me’moriy qismlarining bir-biriga mutanosibligi, bezaklari kishini lol qoldiradi. Bunday imoratlar loyihasining yuzaga kelishi va qurilishi o‘sha davr me’morlarining yuksak aql-zakovatining nishonasidir.

Tarixdan ma’lumki, har bir hukmdor davlat tepasiga chiqqandan so‘ng birinchi navbatda, o‘z  davlatining shaharlari, iqtisodiy va me’moriy ravnaqiga alohida e’tibor bergan. Ba’zida ular bor bisotini arxitektura va qurilishga sarflagan. Bundan maqsad, birinchidan, o‘z yurtining go‘zal imorat va inshootlarga boy, obod bo‘lishini ta’minlash bo‘lsa, ikkinchidan, ular bu bilan o‘z nomini ham abadiylashtirgan.

Misol uchun, Amir Temur va temuriylar hukmronligi davrini olib qaraylik. Ular yaratgan arxitekturaviy muhit hammamizga ayon. Butun dunyo me’moriy obidalarimizni ko‘rishga oshiqadi.Ta’kidlashimiz lozimki, Amir Temur, Shohruh Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiylar davlat boshqaruvi bilan birga arxitektura, san’at, fan va madaniyatning rivojlanishiga ham katta hissa qo‘shgan.

Sobiq ittifoq davriga ham bir nazar tashlaylik. Bu davrda ham ko‘p ishlar bajarildi, jumladan, O‘zbekis­tonda ham arxitektorlar, rassomlar, yozuvchilar, shoirlar, kompozitorlar va boshqa ijodiy uyushmalarning har qaysisi o‘z sohalarining ravnaqi yo‘lida xizmat qildi.

Respublika  rahbariyati arxitektorlar, olimlar, rassomlar, kompozitorlar va boshqa ijodkorlarning xizmatlarini e’tiborga olib, el-yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan bosh­qa sohalar namoyandalari qatorida ularni ham davlat mukofotlari bilan rag‘batlantirdi. Ular uchun maxsus unvonlar ta’sis etilgan. Aynan o‘sha davrlarda o‘zbeklardan Abdulla Boboxonov, sal o‘tmay Sobir Adilov arxitektura sohasidagi yuksak xizmatlari uchun “SSSR xalq arxitektori” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldilar.

Davlatimiz mustaqillikka erishgach, yurtimizning barcha hududlarida katta qurilishlar, o‘ziga xos arxitekturaviy yechimlarga ega bino va inshootlar qurildi. Lekin bu imoratlar loyihalarini yaratgan, qurgan arxitektor va quruvchilar nomi deyarli tilga olinmadi. Ularning mehnatini ro‘yobga chiqarish, qo‘llab-quvvatlash, el-yurtga ommalashtirishga mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston arxitektorlar uyushmasi va O‘zbekiston davlat arxitektura-qurilish qo‘mitasi sust ishladi. Arxitekturada yakka fikrlilik, qurilishlarda  shoshma-shosharlik hukmron bo‘ldi. Magistral ko‘chalar bo‘yidagi ma’muriy binolar oralarida ortiqcha bo‘sh maydonlar qoldirildi. Yangi  qurilgan binolarning bosh tarzi ko‘rinib turishi uchun ularning oldidagi katta-katta daraxtlar qirqib tashlandi.

Yangi binolar bosh tarzlari faqat simmetriyada, go‘yoki o‘tgan asrning 40-50 yillarida yashagan arxitektorlar tomonidan loyihalangandek, oldi tarzining proporsiyalari nomutanosib ustunlarga o‘rnatilgan peshtoq, orderlar tizimi asosida qurildi. Yangi loyihalar yaratilmadi.

Respublikada qurilish materiallari va konstruksiyalarini tajribadan o‘tkazadigan ilmiy-tekshirish instituti, me’moriy obidalarni ilmiy-tekshirish va ta’mirlash kabi nafaqat O‘zbekiston, balki butun O‘rta Osiyo miqyosida ish olib borayotgan yirik institutlar yopilib, binolari olib qo‘yildi. Eng yomoni, bu paytda hamma, ayniqsa, rahbarlar o‘zini arxitektor, deb his qila boshladi. Vaholanki, arxitektorlar Amerikada arxitektura oliygohlarida 10 yil, sobiq ittifoqda 6 yil o‘qigan. Bizda esa boshliq bo‘lsang, sen arxitektor, olim, quruvchi, rassom degan tushuncha paydo bo‘lgandi.

O‘tgan asrning 90-yillarida O‘zbekistonda 4-5 nafar arxitektura doktori bor edi. Hozirgi kunda respublikada arxitektura fanlari doktori 10 nafarni tashkil qiladi. Boshqa sohalar bilan qiyoslaganda bu juda kam, albatta. Avvallari Toshkent arxitektura-qurilish instituti arxitektura fakultetida 40-50 nafar professor-o‘qituvchidan 9-10 nafari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan arxitektor” unvoni bilan taqdirlangan edi. Mustaqillikka  erishganimizdan so‘ng esa “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan arxitektor” unvoni yo‘qoldi.

Arxitektura bu ijodiy yo‘nalish­lardan, amaliy san’atning bir turi. Bino loyihasini faqat arxitektorlar yaratadi, konstruktorlar, santexniklar, iqtisodchilar tomonidan ularning konstruktiv, texnik qismi va smeta hisob-kitobi ishlanadi. Oxirida bu loyiha quruvchilar qo‘liga o‘tadi.

Bugun yurtimizda ilm-fanga, turli soha va tarmoqlarga e’tibor oshdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi faoliyati jonlandi, ko‘p­lab institutlar qayta tashkil etildi. Eng muhimi, ilm ahliga e’tibor va g‘amxo‘rlik kuchaydi.

O‘z navbatida yurtimizda juda katta hajmda qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ishlar faqat poytaxt yoki viloyat, tuman markazlari, shaharlarda emas, barcha hududlarda bajarilmoqda. E’tiborlisi, bu bunyod­korlik ishlari har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari, tabiiy-geografik holati va aholi turmush tarzidan kelib chiqib, olib borilmoqda. Qisqa fursatda shahar va qishloqlarimiz jamoli tubdan o‘zgarmoqda. Bu bilan faxrlanamiz, albatta. Ana shunday paytda arxitektorlarga ham e’tiborni kuchaytirsak, ularning mehnatini qadrlasak, ayni muddao bo‘lardi.

Bu borada ayrim takliflarni bildirmoqchi edim.

Birinchi navbatda, O‘zbekiston arxitektorlar uyushmasi bazasida davlat tasarrufidagi (O‘zbekiston badiiy akademiyasi kabi) Arxitektura va qurilish akademiyasini tashkil qilish lozim. Respublikamizda mavjud barcha arxitektura va qurilish institutlarini ushbu akademiyaga bog‘lash zarur.

Shuningdek, Qurilish vazirligini “Arxitektura va qurilish vazirligi” deb o‘zgartirish ham maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ushbu vazirlik respublika shaharsozligini, arxitektura va qurilish ishlarini tartibga solib, nazorat qilib tursa, Arxitektura va qurilish akademiyasi respublikamizda tez sur’atda rivojlanib borayotgan shaharsozlik va arxitektura ansambllari yaratishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqadi, chet el arxitekturasi va qurilishidagi innovatsion tajribalarini o‘rganadi, yangi texnologiyalarni qurilish jarayoniga tatbiq etishda tavsiyalar ishlab chiqadi.

Arxitektura tarixi va nazariyasi, arxitektura yodgorlik­larini ta’mirlash va qayta tiklash ixtisosligi bo‘yicha olimlar O‘zbekiston me’moriy obidalarini o‘rganadi, ulardan turizm maqsadida foydalanishning samarali yo‘llarini aniqlaydi. Ta’mirlash ishlarini boshqaradi, ularni ilmiy tadqiqot xulosalariga suyangan holda ta’mirlash loyihalarini yaratadi.

Akademiyaga fidoyi fan doktorlari, nomzodlari va loyihachi-arxitektorlardan 30-40 nafar mutaxassisni qabul qilish kerak.

Arxitektura oliygohlarida ijodiy yo‘nalishdagi fanlarni zamon talabi doirasida yangilab turish huquqini kafedralarga berish, ijodiy yo‘nalishdagi institutlarda o‘quv bo‘limi rahbarligini tajribali, kelajakni oldindan ko‘ra biladigan mutaxassis arxitektor-pedagoglarga topshirish zarur.

Arxitektura institutlarining loyihalash institutlari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish ham bugungi kun talabidir. Shu o‘rinda bir misol keltiramiz. Janubiy Koreya texnika universitetida har bir talaba bir semestrda ishlab chiqarish bilan bog‘lanib, 500 dollarlik buyurtma bajarishi shart ekan. Bu masala yuzasidan ham chora-tadbirlarni izlash lozim. Buning uchun arxitektura oliygohlarining loyihalash institutlariga yaqin joyda joylashishini ta’minlash masalasi ko‘rilishi kerak. Shu choqqacha loyiha institutlari qoshida oliygohlarning filiallari tashkil etib kelindi. Bu biz kutgan natijani bermadi. Endi esa aksincha, oliygohlarda loyiha institutlarining firmalarini, ustaxonalarining filiallarini ochish zarurati tug‘ilmoqda.

Respublikamiz arxitektorlari o‘z bilim va salohiyati bilan chet el arxitektorlaridan qolishmaydi. Ularning ba’zilari hatto xorijiy mamlakatlarda ham muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Biroq bizda loyihalovchi, zamon talablariga javob beruvchi quruvchi konstruktorlar, yuqori malakali muhandis (injener) mutaxassislar yetishmaydi. Shu bois O‘zbekistondagi yirik zamonaviy qurilishlar amaliyo­tiga xorijiy mutaxassislarni, arxitektor va quruvchi-konstruktorlarni jalb qilishga majbur bo‘lmoqdamiz.

Yana bir masala. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan arxitektor” va “O‘zbekiston xalq arxitektori” unvonlarini joriy etish lozim.

Umuman, bugun zamon o‘zgardi, davr shiddatkor tus oldi. Endi zamonamizga mos va xos “uyg‘oq arxitektura”ni yaratishimiz kerak. Hayotimizning barcha sohalari kabi O‘zbekiston arxitekturasida ham uyg‘onish, ya’ni Renessans davri keldi, deb o‘ylayman.

Axtam O‘rolov,

SamDAQI professori.

***

Bugun, 13 aprel kuni ushbu maqola muallifi - arxitektura fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Axtam O‘rolov 75 yoshga kirdi.

A.O‘rolov 1947 yilda Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan.

Olimni qutlug‘ yoshi bilan qutlaymiz!