Zamonaviy seyalkaning oddiysidan farqi nimada?
Shu kunlarda dalalarga 2021 yil hosili uchun g‘alla ekish uchun yer tayyorlash, sifatli urug‘ ekish ishlariga qizg‘in tayyorgarlik ishlari boshlandi. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan klaster korxonalari, fermer xo‘jaliklari va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirokida g‘alla ekish ishlari yuzasidan monitoring va amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda.
2021 yil hosili uchun viloyatimizda 138 ming 830 gektarga “Grom”, ”Aleseich”, ”Krasnodar-99”, ”Pervina”, ”Bezostaya-100”, ”Asr”, ”Davr”, ”Yaksart” singari serhosil, sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan g‘alla navlari ekiladi.
- 94 ming 230 gektar suvli hamda 44 ming 600 gektar lalmi maydonda boshoqli don ekinlarini o‘z vaqtida va sifatli ekishni ta’minlash maqsadida inspeksiya organlari tomonidan monitoring-tahlil tadbirlari o‘tkazildi, - deydi agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi bo‘lim katta inspektori Sanjar Qurbonov. - 2021 yil hosili uchun viloyatdagi 109 ta seyalka mavsumga shay holga keltirilib, uning 67 tasida boshoqli don ekilmoqda. Xususan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 218 fermer xo‘jaligi 18 ta zamonaviy, yuqori unumli seyalkalar bilan 8 ming 926 gektar maydonga boshoqli don ekinlari ekmoqda.
Chunki zamonaviy seyalkalar bilan ekilganda har gektarga 250 kilogramm o‘rniga 160-180 kilogramm urug‘ sarflanadi. Bunday seyalkalarda urug‘ iqtisod qilinishi evaziga xarajatlar sezilarli kamayadi.
Shuningdek, zamonaviy seyalkalar bir vaqtning o‘zida jo‘yak olish, o‘g‘itlash va ekish vazifalarini ham bajaradi. Bunday usulda urug‘ yerga bir xil chuqurlikda tushadi va bir tekis unib chiqadi.
Joriy yilda viloyatimizda urug‘ni barvaqt sepish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish evaziga hosildorlikni gektar boshiga 10-15 sentnerga ko‘tarish mo‘ljallanmoqda.
Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.