Zamonaviy tarixda topilgan yirik xazinalar
Ko‘pchiligimiz bolaligimizda xazinalarni topib olishga oid ko‘plab sarguzashtli film va multfilmlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardik. Aslida vaqti-vaqti bilan oltin tangalar, zargarlik buyumlari va boshqa boyliklarga ega xazinalarni professional xazina ovchilari qatori oddiy odamlar ham topib olishadi. Eng qizig‘i, ba’zida xazinalar kishilarga juda yaqin joylarda yashiringan bo‘ladi. XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab odamlar bir necha juda katta xazinalarni topishga muvaffaq bo‘lishgan. Ushbu maqola doirasida biz odamlar qanday xazinalarni topganligi va ular topilganidan keyin qayerga ketganini oydinlashni taklif qilamiz.
Tangalar va qimmatbaho toshlar xazinasi
Zamonaviy tarixdagi eng katta boyliklardan biri 1985 yilda Polshaning Sroda-Slenska shahrida eski binolardan birini ta’mirlash paytida topilgan. Xazinalar devor orasida bekitilgan vaza ichida yashirilgan edi. Umuman olganda bu yerda tadqiqotchilar 3000ga yaqin noyob va qimmat tangalar, bir necha medalon va hatto bitta oltin tojni topishga muvaffaq bo‘lishdi. Olimlarning fikricha XIV asr atrofida yashiringan xazina 150 million dollarga baholandi. Bugungi kunda xazina Polshaning Vroslav shahridagi muzeylardan birining ko‘rgazmasidir.
Eng yirik kumush xazinasi
2012 yilda Irlandiya qirg‘oqlarida nemis suv osti kemalari hujumidan keyin cho‘kib ketgan va unda taxminan 48 tonna kumush bo‘lgan harbiy kemaning qoldiqlari topilgan. Topilma 38 ming dollarga baholandi. Buyuk Britaniyaning transport vazirligi tomonidan e’lon qilingan mukofot bu tintuvga turtki bo‘ldi. Hozirda bu xazina qayerda ekanligi noma’lum. Ehtimol kumushdan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar yasalgandir. Axir topilgan kumush tarixiy ahamiyatga ega emas edi, bu shunchaki qimmat material xolos.
Sanoqsiz oltin va kumush tangalar
2007 yilda esa AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan San-Fransisko shahri yaqinida katta xazina topildi. Qidiruv ishlari davomida Odyssey Marine Exploration guruhi materik chetida bortida juda ko‘p oltin va kumush tangalar joylashtirilgan ispan kemasini topdi. Ushbu xazina topilganidan so‘ng shov-shuvli janjal chiqdi, chunki Ispaniya hukumati ispan ajdodlariga tegishli bo‘lgan yarim million oltin va kumush tangalarni qaytarishni talab qildi. Natijada xazinalar qandaydir tarzda baham ko‘rildi.
Kutubxonadagi xazina
Maqolaning boshida aytib o‘tilganidek, ko‘pincha xazinalarni oddiy odamlar topib olishadi. Bunday holatlardan biri 2011 yilda Germaniyaning Passau shahrida sodir bo‘ldi. Kutubxona farroshi Tani Xels tasodifan bir talay Vizantiya, Yunon va Rim tangalarini topdi. Tadqiqotchilar bu pullar 1803 yilda yashiringanligi to‘g‘risidagi xulosaga kelishdi. Hukumat tangalar va qadimiy kitoblarni tegishli joylarga taqdim etish uchun olib ketgan.
Misrda cho‘kib ketgan kema topilgani haqida gapirmasak, bu maqola to‘liq bo‘lmaydi. Bu nisbatan yaqinda, 2019 yilning ikkinchi yarmida sodir bo‘ldi. Mamlakat hududida suv bosgan Geraklion shahri bor, u yerda doimiy ravishda tadqiqotlar olib boriladi. Hozirgi vaqtda arxeologlar keramik idishlar, qadimiy bronza tangalari va 14 mingga yaqin turli qadimiy zargarlik buyumlarni topishga muvaffaq bo‘lishdi. Tadqiqotlar davom etmoqda.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.