"Zaporoje" – Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi birinchi marta elektr tarmog‘idan butunlay uzilgani ma’lum qilindi
Kecha, 25 avgust kuni "Zaporoje" AES o‘z tarixida birinchi marta elektr tarmog‘idan butunlay uzildi. Bu haqda Ukrainaning "Energoatom" korxonasining telegram kanalida xabar berildi.
Ilgari Rossiya nazoratida bo‘lgan Xerson va Zaporoje oblasti hukumati bir qancha yirik shaharlarda elektr ta’minoti uzilishi haqida e’lon qildi. Xususan, "Zaporoje" AES joylashgan Melitopol, Xerson, Nova Kaxovka va Energodarda uzilishlar yuz berdi.
Energodar shahrining meri Dmitriy Orlovning aytishicha, voqea Rossiya tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida sodir bo‘lgan. Keyinchalik u "Zaporoje" AESning kommunal xizmatchi va xodimlari elektr ta’minotini tiklash ishlarini boshlaganini aytdi.
O‘z navbatida, “RIA Novosti” rossiyaparast mahalliy hukumat organlariga tayanib, “Ukraina qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilishi va Energodardagi yong‘inlar oqibatida tarmoqdagi qisqa tutashuv tufayli elektr ta’minotida uzilishlar sodir bo‘lganini xabar qilmoqda.
"Zaporoje" AES - Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi, rus qo‘shinlari uni urushning boshida qo‘lga kiritgan edi. Avgust oyida stansiya bir necha marta hujumga uchragan bo‘lib, o‘shanda ham mojaro tomonlari bir-birini ayblagan.
Avvalroq Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) "Zaporoje" AESida xavfsizlik protokollari ommaviy ravishda buzilayotgani, Rossiya qo‘shinlari stansiyani Ukraina zarbalaridan himoya qilish uchun u yerda harbiy texnika saqlayotgani haqida yozgan edi. Biroz vaqt o‘tgach, ushbu bayonotni tasdiqlovchi video ham paydo bo‘ldi.
AES atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi fonida G7 davlatlari Rossiyani stansiya ustidan nazoratni zudlik bilan Ukrainaga qaytarishga chaqirdi, bu chaqiriqni yana 35 davlat qo‘llab-quvvatladi.