«Zarafshon»ning bugungi (2020 yil 1 aprel, №40) sonida o‘qing

Mamlakatimizda hunarmandchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, hunarmandlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, ular uchun ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berilmoqda. Viloyatimizda ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Ammo ayrim hunarmandlar hanuz norasmiy faoliyat yuritmoqda, soliqlardan qochish holatlari kuzatilmoqda. Masalan, 393 mahallada o‘tkazilgan xatlovlarda 823 nafar hunarmand hech joydan ruxsatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatayotganligi aniqlandi. Bu davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlarga nisbatan bepisandlik emasmi? Ularning soliq to‘lamaslik uchun turli noqonuniy yo‘llarni tanlayotganiga sabab nima? “Hunarmand” uyushmasi xodimlarining faoliyat ko‘rsatishi uchun Jomboy, Paxtachi, Bulung‘ur tumanlarida hokimliklar tomonidan tegishli xonalar ajratib berilmagani, aksariyat dehqon bozorlari va savdo komplekslarida “Hunarmandlar rastasi” tashkil etilmaganini qanday baholash mumkin? Samarqand viloyati hokimligida hunarmandchilikni rivojlantirish, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarga yanada qulay sharoit yaratish, mavjud muammolarning oldini olishga bag‘ishlangan tahlilda ana shu savollarga javlob izlandi.

***

Payariqda xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari faoliyatidan aholining ko‘ngli to‘lmayapti. Nega? Partiya jamoatchilik qabulxonalari talab darajasida emas. Deputatlar tomonidan qabul kunlari belgilanmagan. Bunday ahvolda aholi deputatlarga ishonishi og‘ir masalaga aylanadi. Deputatning o‘z hududida xonasi bo‘lmasa, qabul kunlari yozilmasa, yana o‘sha gap-da. Deputatlarning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi deyarli yo‘q. O‘tgan uch oy davomida bironta maqola yozgan deputatni bilmaymiz. Tabiiy savol tug‘iladi, saylov oldidan aholi huzuriga borib, «unday qilaman, bunday qilaman», degan va’dalar qayda qoldi?

***

Karantin davrida fuqarolarning pensiya va nafaqalari qay tarzda to‘lanadi? Mana, aprel oyi keldi. Xo‘sh, ushbu oyning pensiya pullari fuqarolarning yashash manziliga yetkazib beriladimi? Yetkazilsa, uni kim, qaysi tashkilot yetkazadi? Pensiya va nafaqa to‘lovi uchun ajratilayotgan mablag‘lar dezinfeksiya qilinadimi? Bu kabi savollarga Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdurashid Rahimov qanday javob berdi?