«Zarafshon»ning bugungi (2020 yil 11 aprel, №43) sonida o‘qing

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida e’lon qilingan karantin sharoitida aholi va tadbirkorlarga murojaat qildi. Unda hokim ayrim tadbirkorlarga o‘z e’tirozini bildirdi: “Kimning kimligi og‘ir paytda, sinovda bilinadi. Karantin paytida ham, undan keyin ham xalqimizning kundalik ehtiyoji uchun zarur mahsulotlar yetkazib berilishi va xizmatlar ko‘rsatilishi kerak. Buning uchun tadbirkorlarimiz karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda faoliyat olib borishi lozim. Afsuski, shu og‘ir kunlarda ham ayrim tadbirkorlar soliqdan qochib, faoliyatini yashirayotgani, ishchilarni rasmiylashtirmay, konvert asosida haq to‘layotgani kuzatilmoqda. Davlatimiz rahbari keyingi bir oy ichida bugungi murakkab sharoitda tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga qator imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha farmonlar qabul qilgan bir paytda ba’zi shaxslarning bunday harakatlari hech bir mezonga to‘g‘ri kelmaydi”.

***

Xalqning to‘qligi ham, shodligi ham, avvalo Xudo, qolaversa, peshona terimiz bilan qilayotgan beminnat mehnatimiz va yaratuvchanligimizdandir. Bunday vaziyatda koronavirus xavfiga qarshi kompleks tadbirlarni amalga oshirishda har bir dehqon o‘rnak bo‘lishi, uning salbiy oqibatlarining oldini olishda tashabbusni qo‘lga olmog‘i zarur. Xo‘sh, paxtachilik tomorqachilar bu xayrli ishga qanday hissa qo‘shmoqda? Buning uchun xonadonlarida qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Masalan, tumanning Quvondiq mahallasi ahlining asosiy qismi tomorqasida issiqxona tashkil qilib, pomidor, bodring, ko‘kat yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Ular bugun el dasturxoniga qancha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beryapti? Nega bu yerliklar uchun yangi oilaga atalgan tomorqa yerga uy qurishdan oldin issiqxona qurish odatga aylangan?

***

Samarqand nonlari. Bugun unga talab baribir yuqori. Lekin hozirda bozorlarda qator turib, xaridor talashadigan sotuvchilar kam. Hatto ayrim non sexlari faoliyati to‘xtadi. Ammo aholining nonga bo‘lgan ehtiyojini qondirish zarur. Xo‘sh, bugungi karantin davrida non har kuni qancha va qanday tayyorlanyapti? Non tayyorlashda gigiyena qoidalariga amal qilinyaptimi? Novvoylar un xarid qilishda muammolarga duch kelmayaptimi?