«Zarafshon»ning bugungi (2020 yil 9 yanvar, №3) sonida o‘qing 

Chorshanba – yoshlar kuni. Kecha viloyat hokimi E.Turdimov Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi shaxsiy tarkibi bilan uchrashdi. Uchrashuvda 2019 yilda yoshlar, shu jumladan, Milliy gvardiya xizmatchilari uchun amalga oshirilgan va joriy yilda qilinadigan ishlar haqida so‘z bordi. Muloqot chog‘ida tizimda xizmat qilayotgan yoshlar yaratilgan sharoitlardan mamnun ekani, shu bois xizmat vazifasini o‘tash davomida vatanparvarlik va hamjihatlik xislatlarini namoyon qilishlarini, joylardagi mavjud muammolarni hal etishda ijtimoiy faol bo‘lishlarini ta’kidlashdi. 

*** 

2019 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan saylov xalqimiz uchun muhim sinov bo‘ldi. Xo‘sh, saylovlardan qanday saboq chiqardik? Bu jarayon hokimiyat ish uslubi samarasini nechog‘li belgiladi? Deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatish jarayonida huquqiy mezonlarga nechog‘i rioya qilindi? Siyosiy, ma’naviy, ilmiy mezonlarga qat’iy rioya qilishda muammolar bo‘lmadimi? Gazetamizning «Saylovlar sabog‘i hokimiyat ish uslubi samarasini belgilaydi» maqolasini o‘qing, bu savollarga javob topasiz. 

*** 

Matbuot, televideniye, ijtimoiy tarmoqlarda aholining eng ko‘p murojaatlari obodonchilik muammolari bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Birida o‘ttiz yildan buyon qishloqning yo‘li yoki ko‘chasi piyoda va transportda yurib bo‘lmaydigan holatga kelib qolganligi haqida shikoyat qilinsa, boshqasida ichimlik suv, elektr ta’minoti muammolari odamlarni qiynab kelayotgani kuyinib yoziladi. Ajablanarlisi, tegishli portal va sektorlarga murojaat kelib tushgach, ko‘p joylarda darhol ko‘chani ta’mirlash yoki ichimlik suv quvuri yotqizish, elektr simi tortish ishlari boshlanadi. Demak, mas’uliyat his etilsa, vazifaga astoydil kirishilsa imkoniyat bor. Savol tug‘iladi. Xo‘sh, hafta-o‘n kunda hal bo‘ladigan muammo nega yillar davomida odamlarni qiynab, paysalga solib kelinadi?..