Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyi: Jonlangan tarix

Buxoro shahridagi Fayzulla Xo‘jayevning uy-muzeyi XIX asr me’morchiligining yorqin namunasi bo‘lib, sayyohlar uchun ochiq. Har kuni soat 09:00 dan 17:00 gacha tashrif buyurish mumkin. Sayyohlar orasida juda mashhur bu tarixiy majmua XIX asr oxirlari Buxoro tarixi va madaniyati, o‘sha davrdagi savdogarlar hayoti, uy jihozlari va nodir san’at namunalari bilan tanishish imkonini beradi.

Bino Buxoro shahrining markazi, Abdulla To‘qay ko‘chasi, 70-uyda joylashgan. Uy-muzey dastavval mashhur savdogar Ubaydullo Xo‘ja Qosim Xo‘jayevga tegishli bo‘lib, keyin uning o‘g‘li Fayzulla Xo‘jayevga o‘tgan. Maydoni 3 gektar.

Uy o‘tgan asr o‘zbek me’morchilik an’analariga ko‘ra ikki qism, erkaklar va turli qabullar uchun tashqi hovli va mahramlar, ayollarga atalgan ichki hovlilarga bo‘lingan. 

Shuningdek, maishiy xonalar, markaziy “mehmonxona” yashash xonasi, bir nechta kichik yashash xonalari va peshayvonlardan iborat. Xonalar o‘ymakorlik san’ati, antiqa buyumlar, eksklyuziv mebellar va noyob bezaklar bilan bezatilgan. Xonalarda o‘sha davrning qimmatbaho idishlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyimlar, chinni idish va boshqa hashamdor eksponatlarni uchratasiz.

Ubaydullo Xo‘jayev o‘z davomchilarining tarbiyasi va har tomonlama bilim olishiga juda katta sarmoya tikadi. Farzandlari uchun o‘sha davrning eng zo‘r muallimlarini olib keladi, o‘g‘illarini Rossiyaga o‘qishga yuboradi.

Fayzulla Xo‘jayev savdogar-tadbirkor otasi izidan bormay, davlatchilik faoliyati bilan  shug‘ullanishga qaror qiladi va bu sohada sezilarli muvaffaqiyatlarga erishib, chinakam o‘zbek siyosatchisi bo‘lib yetishadi. 

U 1916-1920 yillarda “Yosh buxoroliklar” partiyasiga a’zo bo‘lib, tezda rahbarlik vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Uning hamkori, biroz vaqt o‘tgach esa yaqin do‘sti tarixchi, shoir Abdurauf Fitrat edi. Fayzulla Xo‘jayev jadidchilik g‘oyalarini ilgari suradi.

1937 yilda u NKVD tomonidan hibsga olinib, 1938 yilda unga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llaniladi. 

Keyinchalik uning ukasi Aziz-g‘olib ham qatag‘onga uchraydi. 1965 yilda Xo‘jayevlar oilasi nomi to‘liq tiklanib, ular rasman qatag‘on qurbonlari deb tan olingan.