Zelenskiy: "Kengash bor-u xavfsizlik yo‘q. BMT kafolatlashi kerak bo‘lgan tinchlik qayerda?".

Zelenskiy BMT Xavfsizlik Kengashidan nimani talab qilmoqda?

Rossiyaning Ukrainaga operatsiyasi boshlanganidan beri prezident Zelenskiy ilk bor BMT Xavfsizlik kengashi a’zolariga videoaloqa orqali murojaat qildi. Ukraina rahbari Rossiyani javobgarlikka tortishga chaqirdi, shuningdek, tinchlikni ta’minlay olmayotgani bois BMTni isloh qilishni taklif qildi.

5 aprelda o‘tgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Vladimir Zelenskiy o‘z mamlakatidagi vaziyat haqida gapirdi. Uchrashuv Buyuk Britaniya tomonidan chaqirildi.

Zelenskiy Rossiya qo‘shinlarini harbiy jinoyatlarda ayblab, xalqaro hamjamiyatni Moskvani javobgarlikka tortishga chaqirdi.

“Bugungi kunda mamlakatim hududidagi Rossiya harakatlari natijasida Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri eng dahshatli harbiy jinoyatlar sodir etilmoqda”, — dedi Zelenskiy kengash a’zolarini savolga tutib: “Xavfsizlik Kengashi kafolatlagan xavfsizlik qani? Yaratilishidan asosiy maqsadi - BMT kafolatlagan tinchlik qayerda?

"Ukraina prezidentining uchrashuvimizda virtual ishtirokidan foydalanib, unga murojaat qilmoqchiman: "Biz rossiyalik harbiy xizmatchilarga bo‘layotgan hech qanday guvohlar tomonidan tasdiqlanmagan, asossiz ayblovlarni sizning vijdoningizga havola etamiz", deya javob berdi Zelenskiyga Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish gap BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi qo‘shni davlat hududiga keng ko‘lamli bostirib kirishi haqida ketayotganini ta’kidlab, Ukrainadagi urushni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

“Ukrainadagi urush o‘zining tabiati, shiddati va oqibatlariga ko‘ra, BMT Nizomiga asoslangan xalqaro tartib va global tinchlik arxitekturasi uchun eng katta muammolardan biridir”, dedi Guterrish.

Ayni paytda Ukrainada urush davom etmoqda. Yuzlab tinch aholi rus qo‘shinlarining oldinga siljishidan qo‘rqib, mamlakat sharqidan g‘arbga qochishga urinmoqda. Poyezdlar gavjum, avtomobil yo‘llarida ko‘p kilometrlik tirbandliklar yuzaga kelgan.