Zelenskiy Putinni urush bo‘layotgan Donbassga taklif qildi

19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Normandiya to‘rtligi siyosiy maslahatchilarining uchrashuvida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Donbassdagi vaziyatni iloji boricha ko‘rish va tushunish uchun Putin bilan shu yerda uchrashish taklifini ilgari surganini ta’kidladi.

Unga ko‘ra, agar Ukraina va Rossiya o‘rtasida urush bo‘lsa, millionlab odamlar hayoti haqida gap boradi va ikkala tomon ham yutqazadi. Shuningdek, Ukraina Prezidenti “tankda tinchlik o‘rnatish mumkin emas”, deya qo‘shimcha qilgan.

Donbass mintaqasi Ukrainaning Donetsk va Lugansk hamda Rossiyaning Rostov viloyatlarini o‘z ichiga oladi. Bu hududda 2014 yildan beri harbiy harakatlar davom etmoqda. Buning oqibatda shu vaqtga qadar 13 ming kishi halok bo‘lgan.

Ziddiyat bir tomondan Ukraina Qurolli kuchlari, ikkinchi tomondan o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari o‘rtasida bormoqda. Ikki respublika ham na Ukraina, na jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan. Biroq ularni Rossiya qo‘llab-quvvatlamoqda.

Shu yilning mart oyida Donbassdagi vaziyat yana keskinlasha boshladi. Bunga Ukrainaning NATOga qo‘shilish tomon qilgan harakatlari sabab bo‘lgani aytilmoqda. Endi esa Ukraina ham, Rossiya ham ushbu mintaqaga chegaradosh bo‘lgan o‘zining hududiga harbiy kuchlarini to‘plamoqda.

O‘z navbatida Rossiya Ukrainaning NATOga qo‘shilishi Donbassdagi mojaroni hal qilmasligini ta’kidlagan. Boshqacha pozitsiya tutgan davlatlar ham yo‘q emas. Xususan, Turkiya va AQSh Ukrainaning ushbu harbiy blokka qo‘shilishini yoqlamoqda.