Zelenskiy: Rossiya bilan muzokaralar faqat qo‘shinlar olib chiqilgach bo‘ladi
Rossiya Federatsiyasi bilan muzokaralar faqat Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududidan to‘liq olib chiqilganidan keyin mumkin. Bu haqda Lvovdagi uch tomonlama uchrashuv yakunlari bo‘yicha Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
Urush boshlanganidan beri ilk bor Ukrainaga kelgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on kecha diplomatik jarayonni qayta boshlashga chaqirdi.
Vladimir. Zelenskiy: "Men ular qandaydir tinchlikka tayyor ekanliklaridan juda hayratda qoldim. Har kuni o‘ldiradigan, zo‘rlaydigan, tinch shaharlarimizni qanotli raketalardan uradigan odamlar tinchlik xohlamaydi. Avval ular hududimizni tark etishi kerak".
Uchrashuvda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirok etdi. Uning ta’kidlashicha, g‘alla shartnomasi tuzilganidan keyin jahon bozorida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi 9 foizga arzonlashgan.
"Biz jahon oziq-ovqat bozorida barqarorlashuv belgilarini ko‘ryapmiz, ammo aldanib qolmaylik. Odamlar kundalik hayotiga, novvoyxonalariga bu o‘zgarishlar ta’sir qilishi uchun hali yo‘l uzoq. Bu bozorda ta’minot zanjirlari hamon uzilgan va energiya manbasi, nomaqbul transport xarajatlari saqlanib qolmoqda”, deb ta’kidladi BMT Bosh kotibi.
U, shuningdek, rossiyalik harbiylar tomonidan egallangan Zaporoje AES hududini demilitarizatsiya qilishga chaqirdi, biroq bu taklif allaqachon Rossiya TIV tomonidan nomaqbul deb topilgan.
Turkiya rahbari atom elektr stansiyasi atrofida janglar davom etayotganidan xavotir bildirdi: "Biz Chernobilni yana boshdan kechirishni istamaymiz. Turkiya o‘z ta’sir doirasidan foydalanib, bu mojaroga diplomatik yechim topishga urinmoqda. Biz ukrainalik do‘stlarimiz bilan birgamiz”, - dedi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an Lvovda ko‘tarilgan ko‘plab mavzular Kreml roziligini talab qilishini va u Rossiyaning Ukrainaga harbiylarni kiritishidan buyon ikki marta uchrashgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv natijalarini muhokama qilishini bildirdi.
Kechki videomurojaatda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiya Xarkovning tiklanishini o‘z homiyligiga olishga tayyorligini bildirdi. Kecha, 18 avgust kuni Rossiya havo kuchlarining ushbu shaharga uyushtirgan hujumi qurbonlari soni 17 kishiga yetgani aytilmoqda.