Zelenskiy: "Urush Rossiya hududiga ko‘chmoqda"

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushning 522-kun yakunlari bo‘yicha qilgan murojaati chog‘ida rossiyalik harbiylar “jang maydonida bankrot bo‘ldi” va urush Rossiya Federatsiyasi hududiga yetib kelganini aytdi.

“Rossiya agressiyasi jang maydonida bankrot bo‘ldi. Rossiya rahbariyati atigi bir-ikki hafta davom etishini kutgan “maxsus harbiy operatsiya” davom etayotganiga bugun 522 kun bo‘ldi. Ukraina kuchayib bormoqda. Asta-sekin urush Rossiya hududiga – uning ramziy markazlari va harbiy bazalariga qaytmoqda va bu muqarrar, tabiiy va mutlaqo adolatli jarayon”, — dedi Zelenskiy Ukraina energetika sektorining qishga tayyorgarligini sharhlar ekan.

Vladimir Zelenskiy 30 iyulga o‘tar kechasi Moskvaga dronlar hujum qilganidan keyin shunday bayonot bergan.

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, Ukraina Qurolli Kuchlari Moskvada uchta uchuvchisiz apparat uchirgan: birini havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi urib tushirgan, ikkinchisini radioelektron kurash bostirgan, bu esa dronlarning boshqalar qatorida, Rossiya vazirliklarining idoralari joylashgan Moskva-Siti majmuasi hududiga qulashiga olib kelgan. Favqulodda xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, bir kishi jarohatlangan.

Bugun ma’lum bo‘lishicha esa, Moskva yana dronlar tomonidan hujumga uchragan.

Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qiladi.

Moskva shahridagi binolar majmuasi minoralaridan biriga uchuvchisiz uchish apparati borib urilgan. Dron Moskva viloyatiga yaqinlashayotganda urib tushirilgan.

Politsiya dron urib tushirilgan IQ minorasi yaqinidagi hududni yopgan, mutaxassislar apparat qoldiqlarini o‘rganmoqda.

Hodisada qurbonlar yo‘qligi aytilmoqda.