Zilzilalar oqibati: Baykal g‘oyib bo‘ladi... mi?

Novosibirsk davlat universiteti olimlarining fikricha, yaqinda Turkiyada ro‘y bergan dahshatli zilzila va undan keyin Afg‘oniston, O‘rta Osiyodan Ekvadorgacha ketma-ket davom etgan yer qimirlashlari Yer qobig‘ini aqlbovar qilmas darz ketishidan dalolat beradi.

“Yevroosiyo Baykal ko‘li chizig‘i bo‘yicha ikki qismga bo‘linib ketadi, - deydi olimlar. - Oqibatda ko‘lning o‘zi yo‘qoladi.

Xuddi shunday o‘zgarish Afrikaga ham daxldor. Undan Efiopiya, Habashiston ajralib ketadi. Yerda esa yangi okean paydo bo‘ladi. Ammo hozircha xavotirga o‘rin yo‘q: bu hodisa juda uzoq yillardan keyin sodir bo‘ladi”.

O‘zga sayyoraliklar asiri

Britaniyaning Birmingem shahrida bir ayol ikki yil o‘zga sayyoraliklar tutquni bo‘lganini ta’kidladi. Sofiya Petres jurnalistlarga 16 yoshida koinotdan kelgan kelgindilar tomonidan o‘g‘irlanganini aytdi. Uning so‘zlariga qaraganda, kelgindilar mutlaqo rejissyorlar va fantast yozuvchilar tasvirlaganlaridek emas.

Aniqroq aytiladigan bo‘lsa, ular hech qanaqa ko‘rinishda emas, negaki quyuq materialdan iborat bo‘lib, bo‘shliqda kosmik kemasiz kezib yuradi. Sofiya Peters taassurotlarni batafsil so‘zlab berdi.

Uning taxminicha, har yili o‘zga sayyoraliklar tomonidan o‘n minglab yerlik ayollar o‘g‘irlanadi va keyinchalik hech qanday ziyon-zahmat yetkazmasdan Yerga qaytishadi. Biroq ular o‘z sayohatlari haqida hech kimga lom-mim deyishmaydi. Negaki, baribir hech kim ishonmaydi.

T.Shomurodov tayyorladi.